Targ'ibotsiz futbol muxlislarsiz o'yinmi?

Narzulla Saydullayev
10 okt 2013, 14:55
Futbolning hozirgi darajaga chiqishida OAV va targ'ibotning o'rni katta bo'lgan. Shu ikki jihatsiz futbol bugungidek sevimli sport turiga aylana olmasdi.
Ronaldu yoki Messini aynan OAV shunchalik tanitmaganda biz ularga bunchalik e'tibor bermasligimiz aniq edi. Hozir shunday davrki, bozorda mahsulotingizni sotish yoki xizmatingizni boshqalar tanlashi uchun uni qay darajada reklama, targ'ib qilishingiz muhim ahamiyatga ega. Mahsulot qanchalik tez ko'zga tashlanuvchan bo'lsa, uning xaridi shunchalik yaxshi bo'ladi.

Oliy ligamizda oxirgi yillarda muxlislar tashrifining avvalgilarga nisbatan keskin kamayib ketgani haqida ko'plab maqolalar chop etilyapti. Ularda aytilayotgan barcha fikrlar to'g'ri. Klublarimiz va milliy terma jamoamizning xalqaro sahnada aytarli natijalarga erisha olmayotgani, mahoratli futbolchilarning faoliyatini xorijda davom ettirayotgani, o'zimizdagi o'yinchilarning saviyasi qoniqarli emasligi, murabbiylarning o'z ustida ishlamayotgani, haqiqiy iqtidorlarning ko'zdan panada qolib ketishayotgani, hakamlarning xatolari singari jihatlar aksariyat ishqibozlarni stadionga kelib, futbol tomosha qilishdan bezdirib bo'lgan. Lekin bu bir tomondan qaraganda. Chunki chin dildan futbol ko'rishni istagan muxlis baribir bevosita stadionda uchrashuvlarni ko'raveradi. Oliy ligada har turda hech bo'lmasa bitta bo'lsa-da, yuqori saviyada kechayotgan uchrashuvlarni kuzatyapmiz. Hozirgi holatimiz Rossiya va Ukraina yuqori ligalari shu asr boshlarida tushib qolgan davrlarni eslatmoqda. O'shanda bu mamlakatlarda ham milliy ligaga bo'lgan qiziqish tushib ketgandi. Bir necha yil futbol inqirozga yuz tutganday tuyuldi. Lekin keyinchalik ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida muxlislar yana stadionlarga qaytishdi. Bizda esa buning imkoni topilmayapti. Biroq ushbu holat hal qilib bo'lmaydigan vazifalar toifasiga kirmaydi. Agar astoydil harakat qilinsa, yaqin yillar ichida stadionlarda ko'p ming sonli ishqibozlar o'tirganini ko'rishimiz mumkin. Faqat buning uchun birinchi navbatda milliy futbolimizni reklama qila olishimiz shart.

Xorij davlatlarida ko'p bo'lganim sababli bir holatga alohida e'tibor qaratganman. Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Avstraliya yoki Eronda milliy chempionat o'yinlariga televidenie shunday e'tibor qaratadiki, o'sha dasturlarni tushunmasangiz ham beixtiyor qiziqish bilan tomosha qilishni boshlaysiz. Chunki dasturlar juda qiziqarli, turli xil mashhur insonlarning fikrlari bilan berib boriladi. Har bir uchrashuvga oid faktlar, avvalgi o'yinlardan videolavhalar ko'rsatuvlardan joy oladi. Butun hafta mobaynida har bir bellashuv alohida reklama qilib boriladi. Natijada futbolga ozgina qiziqqan odam borki, o'sha o'yinga borishni istab qoladi. BAA va Qatarda so'nggi paytlarda muxlislar tashrifi o'sdi, bunga asosiy sabab aynan targ'ibotning yaxshi ekanligi bo'ldi deb ikkilanmasdan aytish mumkin. Bizda esa targ'ibotga aynan televideniening faolligi yetishmayapti. Agar “Sport” telekanali xodimlari bu ishga ulgurmayotgan bo'lsalar, balki PFL har tur uchrashuvlari arafasida kamida 3 kunlik dasturlarga o'zi ko'rsatuv tayyorlab, uni taqdim etishi kerakdir. PFL teleko'rsatuvlar tayyorlash uchun maxsus ijodiy guruhni yollagan holda buning uddasidan chiqish imkoniyatiga ega. Yoki o'yinlar translyatsiyasi bepul bo'lgani sababli bu masalada kelishuvga erishsa bo'ladi. Tur oldidan prevyu, turdan keyin o'yinlar tahlili va yana oliy ligaga bag'ishlangan turli mavzudagi kamida 2 ko'rsatuv kerak. Bellashuvlardagi gollar namoyish etilayotgan “Futbol sharhi” tabiiy ravishda oliy liganing barcha qirralarini ochib bera olmaydi. Imkoni bo'lsa, turli qiziqarli va tortishuvga sabab bo'lgan holatlar hakamlar departamenti vakillari ishtirokida tushuntirib borilsa, bu qiziqishni yanada oshirardi. Hozir esa gazeta va saytlargina tur oldi prevyular va o'yin sharhlariga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Lekin sayt va gazetalarning umumiy o'quvchilari miqdori televidenieniki oldida unchalik ko'p miqdordan iborat emas. Qolaversa, “Ming marta eshitgandan bir marta ko'rgan yaxshi” maqoli bejizga aytilmagan. Uchrashuvlar translyatsiyalari borasida ham ahvolni o'zgartirish vaqti yetib kelgan. Faqat Toshkentdagi emas, balki boshqa shaharlardagi bahslardan ham translyatsiya, hech bo'lmaganda o'yinni yozib olgan holda ko'rsatish kerak. Buxoro, Samarqand, Farg'ona, Namangan, Bekobod, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatidan oliy liga uchrashuvlari oxirgi marta qachon namoyish etilgani xotirasi kuchli insonlarning ham yodidan chiqib ketgan. Bazida qiziqarli o'yinlar bo'layotganini muxlislarga isbotlab bo'lmaydi. Chunki televidenie orqali o'sha bahslar namoyish etilmagan bo'ladi. Bizningcha, bugungi kunda har bir viloyatda uchrashuvlarni 3-4 kamera yordamida yozib olish imkoniyati mavjud. Oliy liga haqida turli ko'rsatuvlar va uchrashuvlarni namoyish etish orqali targ'ibotni kuchaytirish va muxlislar sonini ko'paytirishga erishish uchun harakatni boshlab yuborish lozim.

Xorij chempionatlarini kuzatar ekanmiz, boshqa davlatlardagi muxlislar Vetnam, Indoneziya, Hindiston kabi birinchiliklar to'g'risida ma'lumotga ega ekanligini bilamiz. Chunki ushbu chempionatlardagi barcha o'yinlar translyatsiya qilinadi va internet orqali ham o'yinlarni ko'rish imkoniyati mavjud. Istagan muxlis o'zi uchun bu chempionatlardagi bazi bellashuvlarni ko'rishi mumkin. Bizda esa hali televidenie orqali 30 foiz o'yinlarni ko'rib bo'lmayapti. Aynan shu salbiy holat O'zbekiston oliy ligasi va umuman ichki chempionatimiz, futbolchilarning saviyasi haqida tayinli fikrlar yo'qligiga olib keladi. Oxirgi yillarda yurtimizga tashrif buyurgan jurnalistlar bizdagi sharoitlarni ko'rib, hayron bo'lganliklarnii yashirib o'tirishmadi. Angliya, Qatar, Avstraliya, Fransiya, Germaniya singari davlatlardan jurnalistlar yurtimizga kelib, stadionlar, muxlislar va o'yinlar saviyasiga yaxshi baho berishdi. Ularning aksariyati bu erga kelgunga qadar stadionlarimizni talabga umuman javob bermaydigan, jamoalarni esa shunchaki havaskorlar deb o'ylagani to'g'risida so'zlab berishgandi. Bu ham chempionatimizni reklama qila olmayotganimizdan bo'lsa kerak. Bizga bo'layotgan e'tiborni ushlab qoladigan darajada targ'ibot yo'q. Xalqaro futbol yangiliklarini yoritishga ixtisoslashgan turli saytlarda Hindiston yoki Vetnam uchun alohida sahifa ajratilgan, O'zbekiston ligasi uchun esa yo'q. Chunki biz oliy ligani shunga yarasha qilib yorita olmayapmiz. Aniqrog'i, internetdan translyatsiyalarni kuzatish imkoniyati yo'q. Bu borada Osiyoda kamida 20-25 chempionatdan ortda qolib ketyapmiz.

Zamonaviy talablarning ancha-muncha kriteriylariga javob beradigan stadion qurib bitirilgani va jamoalarimiz uchrashuvlarni yaxshi stadionlarda o'tkazishayotgani to'g'risida boshqa davlatlardagi futbol muxlislari xabardor emas. Oldimizga futbol bo'yicha qitamizdagi grandlar qatoriga kirishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, boshqa tashkiliy ishlarni ham shunga yarasha qilib qo'yishimiz shart.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia