Sirojiddin Qo'ziev: "Neftchi"dagi faoliyatim yaxshi o'tdi"

Sherzod Nurmatov
21 dek 2022
2022 yilgi mavsumni "Neftchi" klubida o'tkazgan yarim himoyachi Sirojiddin Qo'ziev legionerga aylandi.

Futbolchi Malayziya Superligasi ishtirokchisi "Kuching Siti" bilan shartnoma imzoladi. Shundan keyin u saytimiz uchun fikrlarini bildirdi. 

- Sirojiddin, "Kuching Siti" varianti qay tariqa yuzaga keldi?

- Bu klubning yuzaga kelishida "Mashal" klubi bosh direktori Ilhom aka Qurbonovning hissalari katta bo'ldi. Aynan u inson "Mashal"da ishlagan agentga meni tavsiya qilgan. Keyinchalik o'sha agent "Kuching" variantini topdi. Shu o'rinda Ilhom akaga minnatdorchilik bildiraman. 

- Bu qarorga birdaniga keldingizmi?

- Yo'q, albatta. Taklif borasida o'ylab ko'rdim. Otam bilan maslahatlashdim. Keyin "Neftchi" safida ikkinchi davrada kam o'yin amaliyotiga ega bo'ldim. Shu jihatlari ham "Kuching Siti" taklifini qabul qilishimga asosiy turtki bo'ldi. 

- 2022 yilgi mavsum "Neftchi"da o'tkazgan faoliyatingiz sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Yaxshi bo'ldi. Yomon o'tdi deya olmayman, chunki futbolchi sifatida o'sishga erishdim. Jamoa muxlislari meni hurmat qilishdi, qo'llab-quvvatlashdi. "Neftchi"da o'tkazgan o'yinlarim sabab hozirda legionerga aylandim. Kamchiliklar ham bo'ldi, lekin ularni bartaraf etishga urinaman. Bir so'z bilan aytganda, "Neftchi"dagi faoliyatimdan qoniqish hosil qildim. Yangi mavsumda farg'onaliklarga omad tilayman. 

- "Kuching Siti"ni tanlashingizga “Neftchi” ustozining munosabati qanday bo'ldi?

- To'g'risi, bosh murabbiy qarorimni qo'llab-quvvatladi. Xorijdan taklif bo'lgani uchun ham o'zimni ko'rsatishim kerakligini ta'kidladi. Buning uchun bosh murabbiyga minnatdorchilik bildiraman.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia