"Sho'rtan" murabbiylar shtabiga Bahrom Hakimov yoki Rauf Inileev kelishi mumkin

Narzulla Saydullayev
29 iyul 2013, 08:34
Shu kunlarda milliy chempionatimiz ikkinchi davra o'yinlariga puxta hozirlik ko'rayotgan “Sho'rtan” jamoasida asosiy e'tibor tarkibni kuchaytirish ishlariga qaratilgan.

Ammo birgina asosiy tarkibni tajribali futbolchilar bilan shakllantirish orqali ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmasligi barcha birdek ayon. Shu bois, mana shu jihatlarni hisobga olgan “Oq bo'rilar” klubi rahbariyati murabbiylar shtabini anchayin tajribali mutaxassislar bilan kuchaytirish masalasini ham o'ylab ko'rmoqda.

Bu borada ayni paytda bo'sh qolgan va ishsiz yurgan mamlakatimizning bir qator tajribali murabbiylaridan birini G'uzorga taklif etish ko'zda tutilgan. Garchi, ikkinchi davra boshlanishiga oz fursat qolayotgan bo'lsa-da, klub rahbariyati bu borada jiddiy harakatni boshlab yuborgan. Va mana shu qisqa vaqt ichida “Sho'rtan” murabbiylar boshqaruviga yangi murabbiy kelish ehtimoli ko'proq bo'lib turibdi.

Biz hozircha nomzodlar orasida Bahrom Hakimov va Rauf Inileevlar borligini aytib o'tishimiz mumkin. Birinchi galda aynan ushbu nomzodlar tilga olinayotganligi bejizga emas. Ma'lumki, Bahrom Hakimov ham, Rauf Inileev ham o'z vaqtida “Sho'rtan”da faoliyat ko'rsatishgan edi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcshurtan.uz