

O'yindan keyin "Sho'rtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Bahsga kirishib ketishimiz oson bo'lmadi. Raqib safida texnik mahoratli yaxshi futzalchilar bor, ular maydonning kichik qismlarida tezkor qaror qabul qilishdi. Birinchi bo'lib gol o'tkazdik, keyin tenglashtirdik, so'ngra hisobda oldinga chiqib oldik. Ammo oxirida yana to'p o'tkazib durang qayd etdik.
- "Sho'rtan" asosiy gollarni standart vaziyatdan o'tkazib yuborayotganini statistika aytib turibdi. To'pga zarba berilishidan oldin futbolchilarda joylarni yopish uchun etarlicha vaqt bo'ladi, lekin baribir gol o'tkazyapti. Siz murabbiy sifatida bunga nima deysiz?
- Ikkinchi goldagi vaziyatda masofa uzoq edi, faqat raqib o'yinchisi jarima zarbasini juda yaxshi amalga oshirdi. O'sha vaziyatda darvozabonimiz yo to'pni ko'rmay qoldi yoki tayyor emasdi. Kichik soniyalardagi sustkashlik shunga olib kelyapti. Har doim sergak bo'lish kerak. Doim futbolchilarga qo'pollik qilmaslikni uqtiryapmiz, chunki xatolar qimmatga tushyapti.
- Bugun "Yaypan" jamoasi bilan bahsda xatolar kam ko'zga tashlandi.
- Raqib oldinda pressing uyushtirdi, o'z navbatida biz ham tezroq o'ynashga harakat qildik. Proligada aksar jamoalar yosh va ularga qarshi tezkor o'yin namoyish etish zarur bo'ladi. O'yinimizda sifat oshib boryapti, lekin bu hali kam. Bizga yoqmayotgan jihat maydondagi harakat. Ko'p bora futbolchilarga tezroq harakat qilish kerakligini uqtiryapmiz.
- Birinchi gol 8-daqiqada o'tkazildi. Golgacha reja qanaqa edi-yu, goldan keyin nima o'zgardi?
- "Yaypan" bosim qilishini kutgandik. Bazi harakatlarimiz juda yomon chiqdi. Ko'p hollarda noto'g'ri qaror qabul qildik. Birinchi taymda ko'p kuch yo'qotdik. Raqib to'p bilan muomalalada bizga nisbatan yaxshiroq ko'rindi. Ikkinchi taymda ancha yaxshi harakat qildik deb o'ylayman.
- Sizningcha, natija o'yinga mosmi?
- O'zimiz yo'l qo'ygan xatolar tufayli raqib ikkita gol urdi. Bugun g'alabaga mos o'yin namoyish eta olmadik. Raqib safida 7, 77-raqamli futbolchilar oldin futzal o'ynaganini bilardik. Kichik holatlarda ular bosimdan chiqib keta olyapti.
- "Yaypan" bosh murabbiyi yoshlarda ishtaha karnay bo'ladi dedi. "Sho'rtan" tarkibiga ham ko'proq yoshlarni jalb qilish kerak emasmikin?
- To'g'ri, yoshlarda ishtiyoq baland bo'ladi. Superligani ko'rgan tajribali futbolchilar asosan shu tajribaga tayanib harakat qiladi. Qishda selekciya olib bordik va shu asnoda yangilarni taklif etdik. Kimdir yaxshi harakat qilyapti, kimdir yo'q. Lekin tranfer oynasi ochilguncha shu tarkib bilan o'yinlarni o'tkazishga majburmiz.
- Himoyachi Ulug'bek Xudoyberdievga kam imkoniyat berilyapti.
- O'yindan o'yinga rotaciya qilib boramiz va keyingi bahslarda Ulug'bekka ham imkon beramiz.
- Klubda moddiy masalalar bo'yicha muammo yo'qmi?
- Hammasi yaxshi, Xudoga shukur. Futbolda hamma narsani moddiyatga taqamagan maqul. Qolaversa hadeb aybni futbolchilarga ag'darish fikridan yiroqman, baribir murabbiy sifatida eng katta ayb o'zimda bo'ladi. Biz ham o'yindan o'yinga kuchayib borishni xohlaymiz va bu borada ish olib boryapmiz.



