Shkvirinmi yoki Oleg Shackix?

Narzulla Saydullayev
3 sen 2013, 20:00
O'zbek futbolida mohir hujumchilar Birodar Abduraimov, Igor Shkvirin, Oleg Shackix, Shuhrat Maqsudov va Dilmurod Nazarovlar allaqachon faoliyatini yakunlab, tarixga aylanishga ulgurdi.
Bir necha yillar avval,  o'zbek futbolining eng kuchli tomoni hisoblangan hujum chizig'i ayni kunda og'riqli nuqtalardan biri bo'lib qolmoqda.  Endi barcha umid yoshlar va o'smirlarimizdan.  Shu o'rinda “Kechagi kun – Tarix, Ertangi kun esa – Jumboq”  naqli hujumchilarimiz uchun juda ham mos  tushadigandek. Zero, yuqorida sanab o'tilgan o'tkir hujumchilarimiz  tarixga muxrlangan bo'lsa, yetishib chiqayotgan yosh Igor Sergeev,  Abdul Aziz Yusupov,  Temur Hakimov,  Zabihillo O'rinboev,  Akobir To'raev kabi futbolchilarimizning keyingi faoliyati jumboqdek.  Jumboqni ishlatishimga asosiy sabab, bizning futbolda asosan shu yoshda yo'qolib qolish yani, o'zining ustida ishlamaslik  yoki zahirada o'tirib, o'yin amaliyotini yo'qotib qo'yish xolatlari ko'p kuzatiladi.  Lekin bu iqtidorlarda bunday vaziyat  kuzatilmasligi va ularning etuk “forvard” bo'lib kamol topishi, yevropaning top klublari safida “porlashini” chin dildan istaymiz. Endi o'tmishga nazar tashlasak:  Birodar Abduraimov  bu alohida mavzu. Bu insonni xech kim bilan taqqoslashga o'rin yo'q.  Lekin Igor Shkvirin va Oleg Shackix faoliyati va ularning kuchli tomonlarini, qolaversa , ikki futbolchini taqqoslaganda  qay birlarining hujum chizig'ida kuchliroq o'yin namoyish etgani, ularning o'yiniga guvoh bo'lmagan yosh futbol ixlosmandlari uchun, qiziq ekanligi shubxasiz.  Shuni hisobga olib, har ikki futbolchining ajoyib harakatlariga guvoh  bo'lgan mutaxasislar va elkama-elka to'p surgan futbolchilarga  ularning qay biri hujum chizig'ida kuchliroq  bo'lgan deya savol bilan murojaat qildik.  

Axbor Imomxo'jaev (O'zbek sport jurnalistikasi otaxoni)
Shkvirinda  hujumchida bo'lgan har qanday xislat etarli edi. Uning maydonda yetakchilik qilishi, jamoani oldinga boshlash qobiliyati ham alohida taxsinga loyiq.  Oleg Shackix esa, oldingi chiziqda  bazi vaqtlar yakkalanib qolardi. Bilmadim bu balki o'zining aybidir. Har bir muxlisning o'zining fikri bor. Kimgadir Shkvirin toifasidagi hujumchilar yoqadi.  Bazilarga esa, Oleg Shackix tipidagi futbolchilar.  Men esa, Shkvirinni kuchli deb hisoblayman.

Rufat Akramxo'jaev (bolalar murabbiyi)
Igor Shkvirin bilan “Paxtakor” da mashg'ulotlar jarayonida birga qatnashganman.  Men yoshlar jamoasi safida o'ynar edim. Igor Anatolevich bilan asosiy tarkibda maydonga tushish afsus-ki menga nasib qilmagan. Lekin, xatti-harakatlarini kuzatib  hayron qolardim.  U nafaqat jarima maydoni ichida balki,  hujumlarni tashkil qilishda ham faol edi. Ayniqsa, ikkinchi qavatda juda yaxshi harakatlanar, hujumini buzishda ham,  uning antiqa “podkat” usuli  bilan to'pni ko'p bora raqibdan olib qo'yardi. Futbolga befarq bo'lmagan insonlarning aksariyati I.Shkvirinni jarima maydonidagina yaxshi harakatlanadi deb o'ylashi mumkin.  Shaxsan men bunday o'ylamayman. Sababi, mashg'ulotlar jarayonlarida  bevosita guvoh bo'lganligim tufayli,  Igor Anatolevich  nafaqat hujum chizig'ida balki, maydonning istalgan joyida foydali o'yin namoyish etishga qodir edi. Oleg Shackixni yaqindan bilmayman. Chunki, U bilan jamoalarda birga faoliyat yuritmaganmiz.  Oleg asosan jarima maydonida xavfli  vaziyatlardan oqilona foydalana olardi.  Umuman olganda ikkisi ham  juda kuchli futbolchilar edi.  Lekin ikkalasidan birini tanlash kerak bo'lsa,  Shkvirinni  ustun qo'ygan bo'lardim.

Oybek Yunusov (“Sport” va “O'zbekiston futboli” gazetasi bosh muharriri)
Har ikkisi turli xil toifadagi hujumchilar. Igor Shkvirin asosan jamoaviy futbolga moslashgan. U hujum chizig'ida jismonan baquvvatligi evaziga himoyachilardan ustun kelardi. Oleg Shackix tezlik evaziga qochib qolish va vaziyatdan unumli foydalanish borasida usta bo'lgan. 90 daqiqa mobaynida bitta vaziyat yuzaga kelsa, uni golga aylantira olar edi. Alohida bittasini kuchli deb ayta olmayman. Har ikkisini o'zbek futboli tarixidagi eng kuchli hujumchilar deb bilaman.

Shuhrat Maqsudov (O'zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi)
Igor Shkvirin bilan Olegni taqqoslash biroz noo'rinroq  deb o'ylayman.  Sababi, Igor Anatolevich so'zsiz Oleg Shackixdan ko'ra, bir kalla ustunroq.  To'g'ri, Oleg ham, mahoratli va tezkor hujumchi bo'lgan. Lekin,  Shkvirin darajasida emas . Qolaversa, Igor Anatolevich  bilan bir jamoada to'p surish va mashg'ulotlarda birga ishtirok etish juda ham qiziqarli bo'lardi.

Dilshod  Nuraliev (O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi)
To'g'risini aytganda, Shkvirinni harakatlari ko'proq yoqar edi.  Shackix asosan texnikasi yuqori va tezligi mukammal bo'lgan. Lekin,  Shkvirin joy tanlashda benazir edi. Qolaversa, ikkinchi qavatdagi harakatlari ham, Shkvirinda yaxshi rivojlangandi.  Shuni hisobga olganda,  Igor Shkvirin biroz kuchliroq bo'lgan deb o'ylayman.

Shuhrat Rahmonqulov (“Paxtakor” yoshlar murabbiyi)
Har ikkisi ham, juda yuqori saviyadagi futbolchilar bo'lgan.  Shkvirinda golni xis qilish qobiliyati juda yuqori edi.  U  jarima maydoni ichida yaxshi harakat qilardi .  Oleg  esa, tezlik va texnikaga tayanardi. U  orqaroqqa qaytib, bir-ikkita raqibni aldab o'tib, vaziyatlarni yaratardi. Qolaversa, U  uchun,  individual tarzda raqiblardan o'tib ketish qiyinchilik tug'dirmasdi. Lekin,  hujumchining vazifasi asosan gol urish shuni inobatga oladigan bo'lsak, bu borada sermaxsullik  I. Shkvirin tomonida.  Men ham murabbiyman.  Agar, shogirdlarim ichida shunday hujumchilardan birini tanlash kerak bo'lganda, Shkvirin tipidagi hujumchini tanlagan bo'lardim.

Ahmad Eshmatov tayyorladi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia