Sherzod Abduraimov: “Muhimi – vazifani bajardik”

19 okt 2013, 13:49
Yoshlar o'rtasida Qatarda bo'lib o'tgan Osiyo chempionati saralash bahslarining “A” guruhida 2-o'rinni band etgan U-19 yoshlar terma jamoamiz endi 2014 yilning 5-22 oktyabr kunlari Myanma davlatida bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etadi.
U-19 yoshlar terma jamoamizning asosiy posboni Sherzod Abduraimov yaqin yillar davomida oliy ligada bo'y ko'rsatsa ajab emas. Farg'ona viloyati Quva shahrida tavallud topgan ushbu istedodli darvozabon “Mashal” akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi.

- Qatardan yaxshi taassurot bilan qaytdik. Garchi oxirgi o'yinda asosiy raqibimizga imkoniyatni boy bergan bo'lsakda, muhimi o'z oldimizga qo'yilgan vazifani bajardik - deydi Abduraimov.

- Bundan juda xursandmiz. Dohada tashkilotchilik va sharoitlar ham juda zo'r bo'ldi.

- Qatardagi ob-havoning issiqligi boshida bizga juda qiyinchilik tug'dirdi. Shuning uchun ham dastlabki o'yin oson bo'lmadi. Turkmaniston yoshlar terma jamoasi shu kuni u qadar jiddiy xavf tug'dira olmadi. Shaxsan men qo'riqlayotgan darvoza tomon ular atiga ikki bor aniq zarba yo'llay oldi. Qolgan vaqtlar davomida asosan biz hujum uyushtirdik deb o'ylayman. Ko'proq gol urishimiz uchun omad yetishmadi. Bundan tashqari dastlabki rasmiy o'yin ekanligi uchun ham yigitlarda ozgina xayajon sezildi. Lekin birinchi o'yindagi g'alaba kayfiyatimizni ko'tarib yubordi va bu keyingi uchrashuvlar oldidan yaxshigina ruhiy ko'tarilishni berdi.

- Guruhdagi ikkinchi o'yin, Nepal yoshlar terma jamoasiga qarshi kechdi. Bu uchrashuvga qadar barcha xayajonlarni engib, o'zimizni to'liq tiklab oldik. Shuning uchun ikkinchi o'yinda hotirjam harakat qilib yirik g'alabaga erishdik. Bu bilan Nepalni kuchsiz deb bo'lmaydi. Umuman olganda u yerda oddiy raqiblarning o'zi bo'lmadi. Nepal ham har qanday jamoaga qarshilik ko'rsata oladigan jamoa ekanligini namoyish etdi.

- Hindiston bilan o'yindan oldin murabbiylarimiz bizga bugun g'alaba qozonishimiz juda muhim ahamiyat kasb etishini, agarda uch ochkoni qo'lga kirita olsak, OCH yo'llanmasini 60 foiz qo'lga kiritishimiz mumkinligini aytgandi. Shu sababli barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, Hindistonni mag'lub etish uchun bor kuchni ishga soldik. Ushbu o'yinning oxirlarida o'z o'rnimni Dilshod Hamroevga bo'shatib berganim bu, murabbiyning qarori bo'ldi. O'zimga qolsa har bir o'yinni almashtirishlarsiz o'tkazgan bo'lardim.

- So'nggi o'yinimiz Qatar bilan o'tdi. Birinchi bo'limda o'yinimiz unchalik ham qovushmadi. Lekin ikkinchi taymda yigitlar juda yaxshi o'yin namoyish etdi. Birinchi bo'limda qatarliklarning penaltidan kiritgan tezkor goli, bizga ruhan o'z ta’sirini o'tkazdi. Lekin shunga qaramay, ikkinchi taymda munosib qarshilik ko'rsatishga erishdik. Bahs poyoniga yetib borayotganida hsiobni bittaga qisqartirishga ham ulgurdik. Ammo bu paytga kelib, yana gol urish uchun vaqt etmay qoldi. Bu jamoani yutsa bo'ladi. O'yindagi dastlabki golda aybni to'liq o'z bo'ynimga olaman. Chunki darvozabon uchun yaqin burchakdan to'p o'tkazib yuborish bu – uning eng katta xatosi hisoblanadi. Buni murabbiylarimiz ham har doim, ta'kidlab kelishadi.      

- Garchi mezbonlarga imkoniyatni boy bergan bo'lsakda, vazifani bajardik. O'yindan so'ng Aleksey Evstafeev yutsa bo'ladigan raqibga imkoniyatni boy berib qo'yganimizni aytib, ozgina qoyidi. Keyin muhimi OCH yo'llanmasini qo'lga kiritganimiz bilan tabrikladi. To'g'risi, o'z guruhimizda birinchi o'rinni egallab chiqishni o'ylagandik. Ammo bu rejamiz amalga oshmadi. Osiyo chempionatiga qadar hozircha anchagina vaqt bor. Unga qadar yanada jiddiy tayyorgarlik ko'riladi va bu musobaqada ham qoniqarli natija qayd eta olamiz.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

Manba: championat.asia