Rustam A'zamov endi “Navbahor” yig'inida

24 iyul 2013, 21:58
Tan olish kerak, Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida chiziqlar o'rtaasida raqobat kuchli.
 Shu sababli birinchi davrani asosan zaxirada o'z vaqti kelishini kutib o'tirgan ayrim o'yinchilar, ayni paytda o'zlarini boshqa klubda sinab ko'rishni o'ylab yurishibdi. Masalan himoyachi Rustam A'zamov katta extimol bilan ikkinchi davrani “Lokomotiv” tarkibida emas, balki boshqa jamoada o'tkazishi kutilmoqda. 21 yoshli himoyachi ushbu jamoa tarbiyalanuvchisi sanaladi. Temiryo'lchilar safida bir necha yillardan buyon to'p surib kelmoqda. Ortda qolgan mavsumlarda u ko'pincha asosiy tarkibda o'ynagan. Ammo joriy mavsumda bosh murabbiy Hakim Fuzaylov chap qanot himoyasida Sherzod Sharipov yoki Salim Mustafoevdan foydalanayotganini ko'rmoqdamiz. Shu bois A'zamov o'yin amaliyotini yo'qotmaslik maqsadida boshqa klubga o'tishni o'ylab turibdi.
Bu himoyachi avvaliga “Qizilqum” mashg'ulotlarida ishtirok etayotgandi. Ammo u shu kunlarda qarorini o'zgartirib, “Navbahor”ning Toshkentda o'tayotgan yig'iniga borib qo'shildi. Bu bejiz emas albatta. Boisi yaqinda namanganliklarning murabbiylar shtabida ish boshlagan Robert Gay ilgari yoshlar terma jamoasida (1992) ishlagan chog'ida, Rustam A'zamov ham nomzod o'yinchilardan biri edi. Shu bois uning imkoniyatlarini murabbiy juda yaxshi biladi. Bu esa futbolchining o'ziga ham asqotishi turgan gap. 

Islombek Rustambekov

Manba: championat.asia