Ro'ziqul Berdiev: "Ertaga faqat g'alaba uchun o'ynaymiz"

4 may 2015, 16:27
Osiyo Chempionlar Ligasi "D" guruhi 6-tur "Nasaf" - "Al Ahli" (Saudiya Arabistoni) uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanining birinchi qismi bo'lib o'tdi.

Matbuot anjumanining dastlabki qismida "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev hamda futbolchi ishtirok etishdi.

"Ertangi o'yin hal qiluvchi bahs. G'alaba bizlarni keyingi bosqichga olib chiqadi. Bu uchrashuvga tayyormiz. Biz faqat va faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. Guruhdagi keyingi o'yin natijasi biz uchun muhim emas. Biz faqat o'z o'yinimizga e'tibor qaratamiz", - deya gap boshladi "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev.

"Al Ahli" jamoasini nega hali ham Qarshiga yetib kelmagani sababini aniq bilmaymiz. Klub charter reys orqali 4-5 soat ichida yetib keladi. Bu katta tashvish tug'dirmaydi deb o'ylayman. Biz ularni imkon qadar yaxshi o'rgandik. Saudiyadagi o'yinni ham chuqur tahlil qildik va tegishli xulosalarni chiqardik. Bu bahsda o'tgan o'yindagi xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz" - deydi Ro'ziqul Berdiev.

"Shuhrat Muhammadievning jarohati? Hozirda futbolchi o'yinga to'liq tayyor emas. Shu bois biz Sherzod A'zamovni o'ng qanotda o'ynatishga majbur bo'lmoqdamiz. Ertaga Muhammadiev zaxirada qolishi ham mumkin. Maqsud Karimov qaysi poziciyada o'ynaydi? U aslida markaziy himoyachi. Lekin bazida uni tayanch zonasida ham o'ynatib turamiz. Hozir shuni aytishim mumkinki, ertaga Maqsud Karimov maydonga tushadi. Qolganini ertaga bilamiz. Hujum chizig'idagi muammolar haqida so'nggi paytlarda bot-bot gapirishmoqda. Bu borada o'z imkoniyatlarimiz doirasida ish olib bormoqdamiz. Hujumchilar muammosi bu butun o'zbek futbolidagi eng og'riqli nuqta hisoblanadi ", - deydi Ro'ziqul Berdiev.



Maqsud Karimov: "Ertaga butun o'zbek halqi uchun katta bayram. Osiyo chempionlar ligasida qatnashib shuni bildikki, bu juda yuqori saviyadagi musobaqa. Ertangi bellashuvda biz g'alaba qozonib butun o'zbek xalqini xursand etmoqchimiz".



Manba: championat.asia