

Madridning "Real" klubi joriy yozda jamoa safini tark etishi mumkin bo'lgan avstriyalik himoyachi David Alaba bilan xayrlashish niyatida.
Manba ma'lumotiga ko'ra, klub bu qaror orqali maosh fondini qisqartirish va moliyaviy zaxiralarni bo'shatishni maqsad qilgan. Ammo Alabaning o'zi klubni tark etish niyatida emas - u 2026 yil 30 iyungacha mo'ljallangan shartnomasini oxirigacha bajarib, kelasi yozda bo'lib o'tadigan Jahon chempionatiga yaxshi sport formasida yetib borishni xohlamoqda.
Futbolchining kelajagiga doir yakuniy qaror uning sog'ligi va tiklanish jarayoniga bog'liq bo'ladi. Ma'lumotlarga ko'ra, iyun oxirida olingan chap oyoq orqa mushakdagi jarohat tufayli Alaba kamida bir oy maydondan chetda qolishi mumkin.
Ayni vaqtda Alaba Yevropadagi eng ko'p maosh oluvchi himoyachilardan biri hisoblanadi - u haftasiga 415 ming evro (€1,88 mln oylik, soliqlardan avval yillik €22,6 mln) maosh oladi. Madrid klubida bu ko'rsatkich bo'yicha undan faqat Kilian Mbappe va Vinisius Junior yuqorida turishadi.
Eslatib o'tamiz, 2023 yil dekabridan 2025 yil yanvarigacha Alaba tizzasidagi kesishgan bog'lam jarohati ortidan tiklanish bilan mashg'ul bo'ldi. 2024 yil fevralda u yon mushagidan jarohat oldi, aprelda esa meniskdagi shikast tufayli yana maydondan chetlashdi. O'tgan mavsumda Alaba barcha musobaqalarda atigi 14 ta o'yinda qatnashdi.



