

Jamoaning Superliga ikkinchi davrasidagi muvaffaqiyatsiz natijalari bois, bosh murabbiyi Davron Fayziev o'z arizasiga binoan, lavozimidan ozod etildi.
Oldinroq xabar berilganidek, klub bir qator murabbiylar bilan muzokara olib bordi va bosh murabbiy borasida yakuniy to'xtamga keldi.
25 sentyabr kuni Samarqand viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Erkinjon Turdimov bilan o'zaro uchrashuvdan keyin tajribali mutaxassis Tachmurod Agamurodov Dinamo bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Shu kuni Dinamo futbol klubi qarorgohida yig'ilish o'tkazilib, unda klub homiylari va rahbariyati ishtirok etdi. Tadbirda jamoa futbolchilariga bosh murabbiy sifatida Tachmurod Agamurodov tanishtirildi.
Yangi bosh murabbiy bilan mavsum yakunigacha shartnoma imzolanib, Tachmurod Agamurodov oldiga Dinamo jamoasini Superligada olib qolish vazifasi yuklandi. Ushbu vazifa bajarilsa, bosh murabbiy bilan shartnoma uzaytiriladi.
Ma'lumot uchun, turkmanistonlik tajribali murabbiy 2007 va 2014 yilgi mavsumlarda ham Dinamo jamoasida faoliyat olib borgan edi.
Dinamo PFK matbuot xizmati.



