Otamendi Umid Ahmadjonovga taklif bilan chiqdi

Tolibjon Qosimov
22 iyun 2018, 18:28
2017 yilning 12 sentyabr kuni O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasiga yangi rahbariyat tayinlanganidan so'ng, o'zbek futbolida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib, O'zbekistonda sportning futbol turini rivojlantirish bo'yicha chora tadbirlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

Ayni paytda Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti va O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi 1-vice prezidenti hisoblangan Umid Ahmadjonov tomonidan Ispaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar, BAA davlatlari futbol federatsiyalari bilan hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yildi.

Belgiyalik mutaxassilar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib O'zbekistonda futbolni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shaxsan Xalqaro Olimpiya qo'mitasi Prezidenti Tomas Bax, Osiyo Olimpiya kengashi Prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad al-Sabax O'zbekiston MOQ prezidentining taklifiga binoan Toshkentga tashrif buyurdi.

Shuningdek, 2026 yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati mezbonlari Kanada, AQSH va Meksika futbol federatsiyalari prezidentlari bilan Dubayda uchrashuv tashkil qilindi. O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixida birinchi marta Urugvay, Marokash, Senegal kabi FIFA reytingida yuqori o'rinlarda turuvchi terma jamoalar bilan o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdi. Shaxsan Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan Real Madrid Foundation Clinic dasturi doirasida ispaniyalik mutaxassislar 16 kun davomida o'zbekistonlik murabbiy va futbolchilarga master klasslar o'tkazishdi.

Qisqa muddatda amalga oshirilgan ijobiy ishlar natijasida o'zbek futboliga jahonda qiziqish paydo bo'la boshladi. Bir qator xorijlik mutaxassilar ushbu urinishlar yuqori baholab etirof etishdi.

Jumladan, ushbu say-harakatlarning samarasi o'laroq, 2018 yilning 19 iyun kuni Butunjahon Futbol Sammiti direktori O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi 1-vice Prezidenti Umid Ahmadjonovni joriy yilning 24-25 sentyabr kunlari Ispaniya poytaxti Madridda bo'lib o'tadigan navbatdagi Xalqaro futbol Kongressiga taklif etdi.

Ushbu futbol Kongressida o'tgan yili 70 dan ortiq davlatlardan tashrif buyurgan 2000 dan ziyod futbol sohasi vakillari ishtirok etishgan. Bu yilgi Kongressdan ishtirokchilar sonining oshishi kutilmoqda. Ishtirokchilar orasida Jahonning eng kuchli klublari, futbol ligalari, Xalqaro federatsiyalar va assotsiatsiyalar, dunyoga mashhur OAV hamda kompaniyalarning vakillari ishtirok etishadi.

Marian Otamendi ushbu rasmiy taklifida MOQ prezidenti va O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi 1-vice Prezidenti Umid Ahmadjonovning O'zbekistonda sportning barcha turlari xususan, futbolni rivojlantirish uchun qilayotgan mehnatini yuksak qadrlashini hamda Sammitga qilinadigan tashrifdan boshi osmonga yetishini takidlagan.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: the-uff.com