Osiyo o'yinlari. Incheonda ikkinchi salbiy natijani qayd etdik

Narzulla Saydullayev
7 okt 2014, 14:42
Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo'lib o'tgan 17-Osiyo o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasi 32 ta sport turida ishtirok etgani haqida xabar bergan edik.
Sport delegaciyamiz musobaqa yakuniga ko'ra jami 44 ta medalni qo'lga kiritdi. Shulardan 9 tasi oltin, 14 tasi kumush hamda 21 tasi bronza medallaridir.

Qita o'yinlaridagi avvalgi ishtiroklarimiz bilan taqqoslaydigan bo'lsak, bu ikkinchi salbiy ko'rsatkich ekanligi oydinlashadi. Masalan, bundan 20 yil avval Yaponiyaning Xirosima shahrida o'tkazilgan 12-Osiyo o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasi 11 ta oltin, 12 ta kumush, 19 ta bronza medali bilan ortga qaytgan edi.

1998 yili Tailandning Bangkok shahrida o'tgan 13-Osiyo o'yinlarida sportchilarimiz tomonidan eng past natija qayd etilgan. O'shanda bor yo'g'i 6 ta oltin medal qo'lga kiritilgan edi. Shuningdek, 22 ta kumush, 12 ta bronzaga ham egalik qilgandik.

Shu paytgacha Osiyo o'yinlarida olti bor qatnashgan bo'lsak, eng yaxshi natijamiz 2002 yili Pusan shahrida qayd etilgan edi. Osiyo o'yinlari g'oliblari soni 15 nafarni tashkil etgandi. Bundan tashqari, 12 ta kumush, 24 ta bronza, jami 51 ta medal bilan taqdirlangan edik.

Eng ko'p medalga esa 2010 yili Xitoyning Guanchjou shahrida sazovor bo'lgandik. O'shanda jami 56 ta medaldan 11 tasi oltin, 22 tasi kumush, 23 tasi bronza medali bo'lgan edi.

2002 yilda bo'lgani kabi bu safar ham Janubiy Koreya zamini omad keltirishiga umid qilgandik. Lekin oltinlarimiz soni 10 taga ham yetmadi. Umumjamoa hisobida 11-o'rin bilan cheklandik. Shu paytgacha ikki bor  1994 hamda 2002 yilgi Osiyo o'yinlarida kuchli beshtalikdan joy olgandik. Hozirgacha eng yaxshi natijamiz ham 5-o'rin bo'lib qolmoqda.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia