Omad kulib boqqan futbolchi haqida

Omonjon To`xtamirzayev
23 mar 2022, 16:35
Bunday voqea faqat ertaklarda uchraydi.

"Atalanta"da Aleksey Miranchukning hozircha ishlari uncha yurishmayapti. A Seriyaning oxirgi 10 turida bergamoliklar atigi 3ta o'yinda g'olib bo'lishdi, yetakchilar guruhidan sezilarli darajada ortda qolib ketishmoqda. Buning sabablaridan biri - jamoani har tomondan o'rab olgan jarohatlar epidemiyasi. Klubning asosiy hujumchisi Duvan Sapata 6 fevraldan beri o'ynamayapti, ikkinchi forvard Luis Muriel esa joriy yilda bor yo'g'i 2ta gol urdi. Gasperini oxirgi, "Bolonya"ga qarshi uchrashuvda, Miranchuk, Malinovskiy va jamoaning yangi o'yinchisi Jeremi Bogasiz tarkibni shakllantirishiga to'g'ri keldi. Haqiqiy fojea.

Murabbiy bor e'tiborini yoshlardan iborat tarkibga qaratdi. Ular orasida oxirgi oyda o'zini ko'rsata olayotgan gvineyalik Mustafa Sisse ham bor edi. Yigitcha "Jenoa" bilan uchrashuv qaydnomasiga kiritildi. Undan keyingi bahsda esa 18 yoshli hujumchi kattalar futbolida debyut qildi. Sisse "Bolonya"ga qarshi o'yinning 65-daqiqasida maydonga tushdi va oradan 17 daqiqa o'tib, uchrashuvdagi g'alaba golini urdi.

Mustafaning o'tmishi xuddi ertakka o'xshaydi: 2 oy ichida qochqinlar jamoasidagi o'yinchidan A Seriyada gol urishga erishdi. Sisse "Atalanta"ning yoshlar jamoasida 27 fevralda debyut qilgan edi. Unga qadar "Rinascita Refugees"da (qo'pol tarjima qilganda - qochqinlar integraciyasi) to'p tepardi. Bu jamoa Italiyaning 8-divizionida o'ynaydi.

Mustafa 2003 yil Gvineyaning Kankari shahrida tug'ilgan. U 16 yoshida otasidan ayrildi. Shundan so'ng hayotida keskin burilish qilishga qaror qildi va boshqa mamlakatga, Italiyaning Salento yarim orolidagi Lechche shaharchasiga ko'chib keldi. Bu yerda unga boshqa mamlakatlardan kelgan muhojir va qochqinlarning mamlakatga moslashish jarayonlari bilan shug'ullanidagan "Rete!" dasturi yordam berdi. Muhojirlarni birlashtirish usullaridan biri - futbol. Mustafa o'zini tezda futbolda ko'rsata oldi.

Sisse o'zining gollari bilan jamoasi bir pog'ona yuqoriga, 7-divizionga chiqishiga yordam bergan va "Atalanta" skautlari e'tiboriga tushgan. Shartnoma ham tez imzolandi - 23 fevral kuni Mustafa "Atalanta" tizimiga qo'shib olindi, 27-sanada yoshlar safida debyut qildi va "Milan" primaverasi darvozasiga 2ta gol urdi. 9 martda esa "Napoli" yoshlariga qarshi bahsda g'alaba golini nishonladi.

Mustafaning iqtidori shu qadar yaqqol namoyon bo'ldiki, "Atalanta" hattoki, Yevropa Ittifoqidan bo'lmagan futbolchi uchun qaydnomada maxsus joy ajratdi - Italiyada legionerlar uchun o'ziga xos cheklovlar mavjud. Sisse o'yin uslubi jihatdan qaysidir manoda Duvan Sapatani eslatadi. Faqat farqi shundaki, sifatli kurash olib borish uchun hozircha Mustafaga baquvvat mushaklar yetishmaydi. Biroq hujumchining boshqa ustun tomonlari bor: golni his qilish, plastika va vaziyatni sifatli yakunlash.

Aftidan, "Atalanta"da o'ziga xos o'tmishiga ega yangi yulduz porlash arafasida turibdi. Uni eslab qoling. U tez kunda muxlislar orasida mashhur bo'lib, "Atalanta"ning muhim o'yinchilaridan biriga aylansa ajab emas!


Nozima Zaripova tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia