OFK vakili Farg'onada ham mehmon bo'ldi

Narzulla Saydullayev
20 okt 2017, 15:08
19 oktyabr kuni tushdan so'ng Osiyo Futbol Konfederatsiyasining strategik rejalashtirish, marketing va infratuzilma masalalari bo'yicha yo'riqchisi Elnur Mamedov hamda O'FF marketing bo'limi boshlig'i Baxtiyor Mametov hamrohligida Farg'ona shahriga ham tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni "Istiqlol" stadionida "Neftchi" PFK, Farg'ona viloyati Futbol federatsiyasi hamda "Istiqlol" Markaziy stadioni rahbariyati birgalikda qarshi olishdi.

Dastlab mehmonlar "Istiqlol" stadionining yashil maydoniga tushib kelishdi.  OFK vakili Elnur Mamedov stadionning chimini ko'zdan kechirdi. Shundan so'ng zamonaviy "Istiqlol" arenasining barcha shart-sharoitlari ko'rib chiqildi. Jamoalar echinish xonalari, dush, tibbiy markazlar, sport zallari, martabali mehmonlar uchun ajratilgan maxsus joylar shuningdek  media markazdagi sharoitlar bilan tanishib chiqildi. Umuman olganda, Elnur Mamedovga Farg'onaning bosh arenasi juda ham manzur bo'ldi. Bunday stadionlarda futbol uchrashuvlarini o'tkazish barcha uchun qulay ekanligi takidlandi.

Tashrif so'nggiga kelib,  "Neftchi" klubi raxbarlari, matbuot va marketing bo'limi hamda stadion xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkillandi. Unda Elnur Mamedov klubning marketing ishlarini yanada rivojlantirish borasida kerakli maslahat va tavsiyalarini berdi. Shu kunning o'zida mehmonlaring Farg'ona shahriga tashrifi yakunlandi.

"Neftchi" matbuot xizmati


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcneftchi.uz