Navbat - 2-liganing final bosqichiga

Narzulla Saydullayev
21 noya 2013
Nihoyat, mamlakatimizdagi 2013 yilgi futbol mavsumining so'ngi rasmiy musobaqasi – II liga jamoalari o'rtasidagi birinchilikning final bosqichiga oid masalaga oydinlik kiritildi.
Aslida bahslarda umumiy hisobda jami 16ta qatnashchi to'p surishi mumkinligi zikr etilgan: Qoraqalpog'iston Respublikasi, 12ta viloyatlarimiz, Toshkent shahri chempionatlari g'oliblari hamda jismoniy tarbiya kollektivlari o'rtasidagi O'zbekiston kubogi sohibi va finalchisi. Ammo bu yilgi turnirda jami 10 jamoa ishtirok etishi kutilyapti (agar qatnashchilar soni uchrashuvlarga yaqin yana qisqarmasa hali). O'tish turnirida to'p surish uchun har bir klub O'zPFL hisob raqamiga 3 million so'm badal puli to'lashi kerak. O'yinlar o'tadigan joygacha borib-kelish, u erda istiqomat qilish ham ozmuncha mablag' talab qilmaydi. O'z oldiga 1-ligaga chiqish vazifasini qo'ymaydigan jamoalar esa shuning uchun ham musobaqadan osongina kechib qo'yishni ixtiyor etmoqdalar. Ro'yxatda Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari vakillarining yo'qligi aynan shu sabablimikan?

Toshkent shahri mezbonlik qiladigan “A” guruhi
1. Toshkent viloyati chempioni
2. Farg'ona viloyati chempioni
3. Andijon viloyati chempioni
4. Toshkent shahri chempioni
5. “Bunyodkor” Toshkent – jismoniy tarbiya jamoalari kubogi finalchisi

Buxoro mezbonlik qiladigan “B” guruhi
1. Qoraqalpog'iston Respublikasi chempioni
2. Buxoro viloyati chempioni
3. Samarqand viloyati chempioni
4. Qashqadaryo viloyati chempioni
5. “Bahor-Geolog” Samarqand – jismoniy tarbiya jamoalari kubogi sohibi

Bellashuvlar 27 noyabrdan 3 dekabrgacha davom etadi. O'zPFL reglamentining 13.1 bandiga ko'ra, birinchi ligaga to'rtta jamoa yo'llanma oladi.

Ulug'bek Mirzaev

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia