"Navbahor" "So'g'diyona" bilan uchrashuvga kirish tekin ekanligini e'lon qildi

Sherzod Nurmatov
30 mar 2023, 15:10
Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar berdi.

"Yurtimizda muqaddas Ramazon oyi davom etayotgan shu kunlarda Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqovning tashabbusi bilan "Navbahor" jamoasining ko'p ming sonli muxlislarining fidoyiliklariga hurmat tariqasida, qolaversa, qutlug' Ramazon oyi sovg'asi sifatida 1 aprel kuni bo'lib o'tadigan Coca Cola Superligasi 4-turidan o'rin olgan "Navbahor" – "So'g'diyona" uchrashuviga kirish BEPUL qilib belgilandi.

Bu ham, albatta, futbol muxlislari auditoriyasini kengaytirish, stadionga tomoshabinlarni jalb qilish yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarning uzviy davomidir.

Shu munosabat bilan muxlislarga 1 aprel kungi uchrashuvda Namangan shahri, Davlatobod tumanidagi "Markaziy" o'yingohiga bepul tashrif buyurib, stadiondagi CIP sektordan tashqari, boshqa barcha sektorlarga joylashishlari mumkinligini ma'lum qilamiz. 

Stadionga tashrif buyuruvchilardan jamoat tartibi va muxlislik madaniyatiga qatiy rioya qilishlari, xususan, huquq-tartibot organlari xodimlari, atrofdagi boshqa tomoshabinlar va futbol uchrashuvi rasmiylariga nisbatan hurmat saqlashlari lozimligini eslatib o'tamiz", – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumot uchun, "Navbahor" – "So'g'diyona" uchrashuvi 1 aprel kuni soat 18:00 da boshlanadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Навбаҳор" матбуот хизмати