"Navbahor": Maktubingizni oldik

18 iyul 2013, 22:35
Saytimizning elektron manziliga kuni-kecha muxlislarimizdan turli mazmundagi xat oldik.
 Xususan Kamron ismli o'quvchimiz birinchi davraning so'nggi uch uchrashuvida jamoamiz safida 77-raqam ostida harakat qilgan Muhammad Rasulov haqida ma'lumot berishni so'rab murojaat qilgan. Aslini olganda Rasulov mavsum boshida “Navbahor”da Muhammad Abdullaev nomi bilan ro'yxatdan o'tgan. Birinchi davra o'rtalariga kelib esa jamoamiz a'zosi familiyasini Rasulov deb o'zgartirdi. Bu ish bilan shug'ullanadigan tashkilotlardan tegishli xujjatlar taqdim qilingach, Abdullaev Rasulov deb qaytadan ro'yxatdan o'tgandi. Shu sababli, chempionat boshida e'lon qilingan tarkibdagi Muhammad Abdullaevga tegishli bo'lgan ma'lumotlari endilikda Muhammad Rasulovga tegishli hisoblanadi.

 Muzaffar ismli muxlisimiz esa o'z takliflarini bayon etganlar. Yani ushbu o'quvchimiz har yili ananaviy tarzda “Navbahor kubogi” musobaqasini o'tkazish taklifini o'rtaga tashlagan. Turnirda viloyatning barcha tumanlaridan keladigan jamoalarini ishtirok etishi va ularga “Navbahor”ning sobiq futbolchilarini ustozlik qilishi ham maqsadga muvofiq ekanligi etirof etilgan. Muzaffar aynan shu yo'l orqali iqtidorlarni kashf etish mumkinligini ham bildirgan.

Ushbu taklifni klub rahbariyati bilan o'rganib chiqib, imkoniyat darajasida amalga oshirishga harakat qilib ko'ramiz.
 
Muxlislarimizning ana shu mazmundagi takliflari “Navbahor” uchun muhim ekanligini ham etirof etish o'rinli. Shu sababdan kelgusida ham jamoamiz ishqibozlaridan shunday takliflarni kutib qolamiz. 

Manba: pfcnavbahor.uz