Messi gol urgan bahsda Maskerano qo'l ostidagi "Inter Mayami" "Amerika"dan ustun keldi

Sherzod Nurmatov
19 yanv 2025
Sardor Lionel Messi va yangi bosh murabbiy Xaver Maskerano boshchiligidagi "Inter Mayami" Nevada shtati Las-Vegas shahrida Meksikaning "Amerika" jamoasiga qarshi mavsumoldi o'rtoqlik o'yinini o'tkazdi.

O'yin "Alligant" stadionida bo'lib o'tdi. Bu bahs Maskerano uchun shaxsiy sabablarga ko'ra jamoani tark etgan Xerardo "Tata" Martino ketganidan keyingi ilk uchrashuv bo'ldi.

Lionel Messi penaltilar seriyasiga ko'ra g'alaba rasmiylashtirilgan dastlabki mavsumoldi o'yinda gol urdi. Argentinalik maestro tanaffusga oz vaqt qolganda hisobni tenglashtirdi – u 34-daqiqada Luis Suaresning aniq uzatmasini boshi bilan darvozaga yo'lladi. Bungacha "Amerika" a'zosi Enri Martin uchrashuvdagi birinchi to'pni kiritib ulgurgandi.

Tanaffusdan ko'p o'tmay, "Amerika" yana ustunlikni qo'lga oldi va 52-daqiqada Israel Reyes katta sahnaga chiqib, hisobni 1:2 ko'rinishiga keltirdi. 

Yaqinda "Mayami" murabbiyligini qo'lga olgan bosh murabbiy Xaver Maskerano 66-daqiqada Messini almashtirdi va yana bir qator o'zgarishlarga qo'l urdi. Mayamiliklar endi g'alaba qo'ldan ketdi deb turgan payt – 90+2-daqiqada Tomas Aviles burchakdan uzatilgan to'pni boshi bilan darvozaga burib yubordi va muvozanatni tikladi.

Shu tariqa dramatik o'yin penaltilar seriyasiga qadar davom etdi va "Mayami" 3:2 hisobida g'alaba qozonib, mavsumoldi kampaniyasini g'alaba bilan boshladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia