"Mashal" o'z tarixida uchinchi bor dastlabki 2 turda 6 ochko oldi

Narzulla Saydullayev
21 mar 2015, 18:05
Muborakning "Mashal" klubi mavsumni ikki g'alaba bilan boshladi.
Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi jamoa ilk turda "Navbahor"ni safarda 2:0 hisobida mag'lub etishgandi. Kecha "gazchilar" "Andijon"ni o'z maydonlarida xuddi shu hisobda taslim qilishdi. Shu tariqa 6 ochko to'plagan "Mashal" musobaqa jadvalida birinchi o'ringa chiqib oldi.

Oliy ligada o'zining 15-mavsumini o'tkazayotgan jamoa bunga qadar ikki bor dastlabki ikki turda g'alaba qozona olgan.

2005 yilni Muborak klubi safarda "Qizilqum", o'z maydonida "Navbahor"ni mag'lub etish bilan boshlagan. O'sha yil jamoa uchinchi turda ham uch ochkoga ega bo'lgan ("So'g'diyona" mag'lub etilgan). To'rtinchi turda esa "gazchilar" "Buxoro"ga safarda yutqazib qo'yishgan.

2007 yilgi mavsumning dastlabki ikki turida "Navbahor" va "Buxoro" (safarda) mag'lub etilgan. 3-turda "Paxtakor" Muborakda durang o'ynagandi.

Demak, "Mashal" keyingi turda g'alabaga erishsa o'zining 2005 yildagi rekordini takrorlaydi.

Ma'lumot uchun, jamoa 3-turni Bekobodda "Metallurg" klubiga qarshi o'tkazadi.


Narzulla Saydullaev

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia