LegionerUz. Yakshanba Haydarov uchun ataldi. Amirliklarda bugun o'zbek derbisi bor, ammo Sergeev o'ynamasligi mumkin

22 yanv 2018, 12:07
Amirlik chempionatida to'rt nafar o'zbekistonlik futbolchi bor. Katta ehtimol bilan ularning soni 1 taga qisqarishi mumkin. Bu haqda biroz keyinroq.

Kecha - 21 yanvar kuni BAA oliy divizionida 13-tur bellashuvlari start oldi va u Aziz Haydarov to'p surayotgan “Ajman” uchun omad keltirdi. Ketma-ket to'rt turdan buyon raqiblarini mag'lub eta olmayotgan va shularning 3 tasida imkoniyatni boy bergan “Ajman” so'nggi bor 7 dekabr kuni zafar quchgandi. Oradan chamasi 1,5 oy vaqt o'tib, “Shabab Al-Ahli” klubi taslim qilindi - 2:1.

“Ajman” 32 yoshli Haydarov bilan shartnoma tuzib, yanglishmagan bo'lib chiqyapti. Liga debyutanti safida 12 ta o'yinda maydonga tushgan Haydarov hozirgacha jamoasi uchun 1 ta gol urdi va 4 ta golli pas berdi. Kechagi o'yinda aynan Haydarovning pasidan so'ng hisob ochilgani e'tiborga molik.

Qayd etish kerak, “Shabab Al-Ahli”ga qarshi 1-davra o'yini muvaffaqiyatsiz o'tib, “Ajman” o'z uyida engilgandi - 1:3. O'sha Bellashuv Haydarovning 22-daqiqadagi sariq kartochkasi bilan yodda qoldi. Oradan 4 oy o'tib, “Ajman” mag'lubiyat o'chini oldi. Faqatgina chempionat tasnifida olib qaralsa, misrlik Ayman Ar-Radamiy boshqarayotgan klub besh turdan buyon mag'lub bo'lmayapti: 3 ta durang va 2 ta g'alaba.

Bugun oqshomda o'zbek derbisi bo'lib o'tadi. Unda Otabek Shukurov harakat qilayotgan “Sharja” klubi Igor Sergeevning “Al-Dafra”sini qabul qiladi. Har ikki futbolchi yangi klubi bilan 1 tadan o'yinda ishtirok etib ulgurdi va 90 daqiqadan harakat qildi. Biroq bugun Igor Sergeev katta ehtimol bilan jamoasiga yordam bera olmasligi mumkin. Hujumchining aytishicha, unda kichik jarohat bor. Keyingi turga qadar Igor tiklanib olishga harakat qiladi.

Otabek Shukurov esa bo'lajak o'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'ryapti. Uning xorijdagi yangi hayotiga ko'mak berish uchun Amirliklarga birga jo'nab ketgan o'zbekistonlik Bobur Mirazizov “Sharja” bosh murabbiyi Abdulaziz Muhammadga qanchalar o'xshab ketishini quyidagi suratlardan ham bilib olish mumkin. Xullas, Shukurovda zerikish umuman yo'q.

Otabekning “Sharja” safiga qo'shilishi ancha omadli chiqqani ma'lum. Avvaliga jamoa kuchli to'rtlikda borayotgan “An-Nasr” ustidan safarda zafar quchdi. Keyin esa President Cup doirasida Haydarov to'p suradigan “Ajman”ni taslim qildi - 2:0. Bu anana bugun ham davom etadimi yoki yo'q - kuzatamiz.

Ma'lumot uchun, sharjaliklar 1-davra o'yinida “Al-Dafra” maydonida 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Agar bugun “Sharja” zafar quchsa, ochkolar soni bo'yicha “Ajman” bilan tenglashib oladi. Sergeev jamoasining qo'li baland kelsa, ular turnir jadvalida xavfli zonadan chiqib oladi.

Sardor Rashidov to'p surayotgan “Al-Jazira” 13-turni 24 yanvar kuni “Dibba Al-Fujayra” klubiga qarshi o'tkazadi. Futbolchining Amirliklarni tark etishi mumkinligi haqida norasmiy ma'lumotlar bor. Ammo hozircha Sardor buni tasdiqlashni istamadi.

Rashidov haqida aytish mumkin bo'lgani, u Instagram sahifasiga verified ko'rinishiga keltirdi. Yani, aynan o'ziga tegishli sahifani rasman tasdiqlab oldi.

“Agar Instagram’ga kirib, Sardor Rashidov deb yozsangiz, 20 ga yaqin akkaunt chiqib keladi. Shuning uchun ham o'z sahifamni tasdiqlatib oldim. Endi shubhalarga o'rin qolmaydi. Bu borada ispaniyalik do'stlarim yordam berdi”, - deb ta'kidladi Rashidov. Bizningcha, Rashidov bunday belgiga e'tibor qaratgan o'zbekistonlik ilk futbolchi bo'ldi. 

Amirlik chempionatining turnir jadvalida “Al-Dafra”ga e'tibor qaratish mumkin. Sergeev jamoasi so'nggi o'rindan yuqoriga ko'tarila oladimi yoki yo'q - asosiy masala shu. Qolganlar esa bir-biriga ancha yaqin joylashgan.

Championat.asia statistikasi


Manba: championat.asia