Koreya Respublikasi U-20 ustozi: "Muxlislar bilan to'lgan stadionda o'ynash ajoyib"

Sherzod Nurmatov
14 mar 2023, 14:38
Koreya Respublikasi U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Yong Jun Kim U-20 Osiyo Kubogi yarim final bahsi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Ertangi raqibingiz O'zbekistonga qarshi qanday tayergarlik ko'ryapsizlar?

- Har bir uchrashuv biz uchun qiyin o'tmoqda. Ertaga mezbon bilan o'yin o'tkazamiz. Muxlislarga to'la stadionda o'ynash ajoyib, ertangi uchrashuvda eng yaxshi o'yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz.

- Xitoyga qarshi qiyin uchrashuv o'tkazdingiz. Futbolchilarning uchrashuvgacha tiklanishi bo'yicha xavotirlanmayapsizmi?

- Biz O'zbekiston terma jamoasidan bir kun keyin o'ynadik. Balki shu sabab muammolar bo'lishi munkin, lekin biz  iloji boricha samarali tiklanishga harakat qildik. Men ertangi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rmoqdaman va qolgan jihatlar bizga xalal bera olmaydi.

- O'tgan yili noyabr oyida O'zbekiston terma jamoasiga qarshi 2 ta o'rtoqlik bahsida qatnashdingiz. O'zbekiston terma jamoasi haqida fikr bildirib o'tsangiz...

- O'tgan yili O'zbekiston bilan o'ynaganmiz va ular juda kuchli jamoa,. Ular Osiyoda eng kuchlilaridan biri deb bemalol ayta olaman.  Bizning jamoa ham o'tgan yilgi o'yinlarga qaraganda ancha katta o'sishga erishdi va o'ylaymanki, ertaga chiroyli o'yin ko'rsatamiz.

- Musobaqa boshida raqiblar oson edi. Xitoy terma jamoasiga qarshi esa qiyin uchrashuv o'tkazdingiz. Shu haqda qanday fikrdasiz?

- Bir nechta o'yinchimiz turnir boshidanoq bosqichma-bosqich o'yinlarini yaxshilab bormoqda, lekin bazi bir o'yinchilar jarohat olmoqda. Umid qilamanki, turnir so'ngiga qadar o'yinchilar o'zining eng yaxshi sport formasiga chiqib olishadi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia