

"Ajdarlar" O'zbekistonga umuman kelmagan fransiyalik futbolchiga taxminan 100 ming dollar to'lashga majburligi to'g'risida xabar bergan edik. Bunga klub rasmiylarining qo'pol xatosi sabab bo'lgan. "Nasaf" mazkur ishni yopishga ulgurmasidan, "Nurafshon" e'tiborga tushishni boshladi...
Championat.asia'ga ma'lum bo'lishicha, yaqinda Buxoro viloyatining bosh jamoasiga FIFAdan bir quloch xat kelib tushgan. Unda jamoaning sobiq darvozaboni Raxat Japarovning hisob raqamiga taxminan 100 mln so'm miqdoridagi mablag' o'tkazib berilishi ko'rsatilgan.

Xabaringiz bor, "Buxoro" (hozirgi "Nurafshon") 23 yanvar kuni Raxat Japarovning transferini e'lon qilgandi. Klubga Usmon Toshev kelgach, tajribali Sardor Qobuljonov bilan raqobatda yutqazayotgan turkmanistonlik kiperni qo'yib yuborishga qaror qildi. Va Japarov avgust oyida Dushanbening SSKA klubi tarkibiga borib qo'shilgani oydinlashdi.

Gap shundaki, klub futbolchi bilan shartnomani bekor qilish bo'yicha kelishuvga erishib, uning oldidagi qarzdorlik to'liq yopiladigan muddatni aniq qilib ko'rsatgan. Agar "Nurafshon" bu bandni buzadigan bo'lsa, Raxatning mavsum oxiriga qadar belgilangan maoshini to'lashga rozi bo'lgan. Ammo buxoroliklar rahbariyati Japarovning oylik maoshidan qolib ketgan qarzlarni ko'rsatilgan bir necha kun kechikib to'lab berishgan.
Yuzaga kelgan qulay imkoniyatan foydalangan Japarov va uning yuristlari FIFAga murojaat yo'llagan. Ular yil oxirigacha belgilangan summani undirib berishni talab qilishmoqda. FIFA allaqachon ishni darvozabonning foydasiga hal qildi. Ammo "Nurafshon" bu qarorga nisbatan apellyaciya berishi kutilmoqda.

Ma'lumot uchun, Raxat Japarov 1996 yil 22 yanvar kuni Turkmanistonning Mari shahrida tavallud topgan. Buxoroliklar tarkibida yarim yil davomida faoliyat yuritgan posbon faqat 3 bor maydonga tushgan edi.
