Karimjon Bozorov: “Bugun omad “Xorazm”ga kulib boqdi”

Nozimov Nig'monxo'ja
10 sen 2023
Pro liganing qoldirilgan 13-turidan o'rin olgan “Navbahor-farm” – “Xorazm” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Navbahor-farm” jamoasi yordamchi murabbiyi Karimjon Bozorov ishtirok etdi.

- Assalomu alaykum! So'zim avvalida bugungi mag'lubiyat uchun muxlislardan uzr so'rayman. Uchrashuv borasida to'xtaladigan bo'lsam, o'yin juda shiddatli tarzda kechdi. Turnir jadvalidagi holatimizdan kelib chiqqan holda, bugun maydonga g'alaba ishtiyoqida tushgandik. Boisi, jamoamizga ochko juda zarur edi. Aslida yigitlar yomon o'yin ko'rsatishmadi. Lekin bu futbol, unda kimdir g'alaba qozonadi, kimdir mag'lubiyatga uchraydi. 

Bugun omad “Xorazm”ga kulib boqdi. Urganchliklar bor-yo'g'i ikkita xavfli vaziyat yaratib,o'sha holatlarni golga aylantirishdi. Aslida o'yinda ustunlik, to'p nazorati jamoamizda bo'ldi. Biroq futbolchilar vaziyatlardan foydalana olishmadi. Endi ushbu uchrashuvdagi xatolardan xulosa chiqargan holda, keyingi o'yinlarda g'alaba qozonib, muxlislarga quvonch ulashishga intilamiz.

- Sizningcha, futbolchilarga hujumlarni yakunlashda nima yetishmadi?

- Yigitlar harakat qilishyapti, ammo takidlaganingizdek, negadir hujumlar yakuniga etmayapti. Endi xatolar ustida ishlab, keyingi bahslarda ushbu holatlarni bartaraf etamiz, degan umiddaman.


Nozimov Nig'monxo'jaMuallif
Manba: “Навбаҳор” ПФК матбуот хизмати