Jamshid Saidov: "Bizda yuqori maqsadlar yo'q, vazifa o'tgan mavsumdan ko'ra yaxshiroq ishtirok etish"

Alisher
21 iyul 2024, 23:27
Superliganing ikkinchi davrasiga tayyorgarlik ko'rayotgan "Qizilqum" jamoasi Toshkentda yig'in olib bormoqda.

Biz navoiyliklar bosh murabbiyi Jamshid Saidovning fikrlari bilan qiziqdik.


- Superliga ekvatoriga yetib keldik, jamoalar ikkinchi davraga tayyorgarlik ko'rishmoqda. "Qizilqum"da tayyorgarlik qanday kechmoqda?

- Ekaterinburgda o'tkazilgan turnirdan so'ng o'n oltinchi sanada Toshkentga keldik. O'sha turnirda yuqori darajadagi jamoalar bilan o'ynadik. Bu yerda esa ikki hafta bo'lamiz. Bugun "Andijon" bilan (intervyu kecha olingan), keyinchalik "Aral" bilan o'yinlar o'tkazamiz. Shundan so'ng ikkinchi davra uchun tayyorgarlik Navoiy shahrida bo'lib o'tadi.

- Ekaterinburgdagi turnir haqida gapirib bersangiz...

- Yuqori darajadagi juda yaxshi turnir. Ekaterinburg rahbariyatiga shunday imkoniyatni taqdim etishgani uchun minnatdorman. Finalda "Ural" bilan "Ekaterinburg Arena"da o'yin o'tkazdik. Bu JCH bo'lib o'tgan stadion, hatto kiyim almashtirish xonasiga kirganda ham chempionlik ruhi sezilib turadi, sababi u yerda Fransiya terma jamoasi o'ynagan.

- Mavsum oldidan ko'plar "Qizilqum"ning yangi mavsumda ligada qolish uchun kurashishini taxmin qilgandi. Ammo, jamoa ilk davrani yaxshi o'tkazdi. Mavsumning qolgan qismiga maqsadlar qanday?

- Birinchidan, bunday narsalarga e'tiborimni qaratmayman, doim jamoamga ishonaman. Ha, boshida shunday gaplar bo'lgandi. Ilk davrani yaxshi o'tkazdik deb o'ylayman. Bizda yuqori maqsadlar yo'q, vazifa o'tgan mavsumdan ko'ra yaxshiroq ishtirok etish.

- Jamoaning transferlari haqida nima deya olasiz? "Tyumen"da o'ynagan rus-tojik o'yinchisi Ruslan Hayloevning o'tgani haqida gap-so'zlar yangradi. Ammo, bu borada hali rasmiy ma'lumot berilmadi.

- Barcha jamoalar kuchaymoqda. Hozirda bizning yagona transferimiz bu - Asror G'ofurov. U so'nggi ikki yilda Bangladeshda to'p tepdi. Ha, Ruslan Hayloev ham qo'shildi va hozirda birinchi taymda harakat qiladi.


Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi 



O'xshash yangiliklar


AlisherMuallif
Manba: championat.asia