Iordaniya terma jamoasi Falastin va Liviya bilan o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi

Narzulla Saydullayev
25 iyul 2013, 11:39
O'zbekiston milliy terma jamoasining JCH-2014 saralash pley-offidagi raqibi - Iordaniya terma jamoasi Falastin va Liviya terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazadi.
Iordaniya Futbol Uyushmasi bergan ma'lumotga ko'ra, Iordaniya milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi iltimosiga ko'ra terma jamoa 6 avgust kuni Falastin, 9 avgust kuni esa Liviya terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik o'yinida maydonga tushadi. Mazkur uchrashuvlar Hussam Hassan boshchiligidagi Iordaniya terma jamoasi uchun 15 avgust kuni Suriyaga qarshi OK-2015 saralash o'yini, shuningdek sentyabr oyida O'zbekistonga qarshi JCH-2014 pley-off o'yinlaridan oldingi tayyorgarlik vazifasini o'taydi.

Iordaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Hussam Hassan, mazkur o'rtoqlik uchrashuvlari terma jamoa futbolchilarining jismoniy holatini tekshirib olish uchun yaxshi imkoniyatligini ta'kidladi. Futbolchilarning texnik va jismoniy imkoniyatlarini bilib olish uchun ushbu o'rtoqlik uchrashuvlari biz uchun muhim. Falastin va Liviyaga qarshi o'yinlar orqali Suriya terma jamoasiga qarshi muhim o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz. Ushbu uchrashuvda ijobiy natijaga erishish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan Suriyaga qarshi uchrashuvdan so'ng 6 va 10 sentyabr kunlari O'zbekistonga qarshi JCH-2014 saralash bahslariga tayyorgarlik ko'rishni boshlaymiz, - deydi Iordaniya terma jamoasi bosh murabbiyi.

Ma'lumot o'rnida, O'zbekiston milliy terma jamoasi 14 avgust kuni Toshkentdagi Paxtakor stadionida Turkiya terma jamoasiga qarshi o'rtoqlik o'yinini o'tkazadi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov mazkur o'yinda maydonga tushishi mumkin bo'lgan futbolchilarning ro'yxatini e'lon qilgani haqida avvalroq ma'lumot bergandik.

Eslatib o'tamiz, Iordaniya terma jamoasi JCH-2014 saralash pley-off bosqichida Mirjalol Qosimov boshchiligidagi O'zbekiston milliy terma jamoasiga raqiblik qiladi. Mazkur terma jamoalar o'rtasidagi pley-offning dastlabki o'yini 6 sentyabr kuni Iordaniya poytaxti Amman shahrida o'tkazilsa, javob o'yiniga 10 sentyabr kuni Toshkent mezbonlik qiladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com