Infantino Ronalduga murojaat qildi: "Sening xalqaro faoliyating futbol tarixining bir qismi bo'lib qoladi"

Sherzod Nurmatov
6 noya 2026, 11:28
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidenti Janni Infantino hujumchi Krishtianu Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlash qaroriga munosabat bildirdi.

5 noyabr kuni 41 yoshli forvard ijtimoiy tarmoqlarda murojaat e'lon qildi. U video orqali milliy jamoadagi faoliyatiga nuqta qo'yganini ma'lum qildi.

"Dunyo bo'ylab juda kam sonli futbolchilar muxlislar qalbidan Ronaldu singari joy ola bilgan. U futbol bo'yicha oltita turli Jahon chempionatida gol urgan tarixdagi birinchi futbolchi va erkaklar terma jamoalari o'rtasidagi eng yaxshi to'purarga aylandi. Ehtimol, Krishtianu hech qachon takrorlanmaydigan cho'qqilarni zabt etdi, biroq uning buyuk merosi rekordlar, sovrinlar va gollar doirasidan ancha kengroqdir.

U avlodlarni ilhomlantirdi, millionlab muxlislarni birlashtirdi hamda eng ulkan dunyo arenalarida Portugaliyaning umidi va g'ururini namoyon etdi. Senga ehtiros, unutilmas lahzalar va bizning go'zal o'yinimizga qo'shgan beqiyos hissang uchun rahmat, Krishtianu! Sening xalqaro faoliyating abadiy futbol tarixining bir qismi bo'lib qoladi", – dedi Infantino.

Ronaldu 2003 yildan buyon Portugaliyaning asosiy terma jamoasida to'p tepib keldi va uning safida 234 ta o'yin o'tkazib, 146 ta gol urdi. Milliy terma jamoalar tarixidagi gollar soni bo'yicha jahon rekordi aynan unga tegishli. Portugaliya terma jamoasi bilan birga hujumchi 2016 yilda Yevropa chempioni bo'lgan hamda ikki bor Millatlar Ligasida (2018/19, 2024/25) g'alaba qozongan.

O'xshash yangiliklar

Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Goal.com