Hamidjon Aktamov: "Bugun muhim ikki ochkoni qo'ldan chiqardik"

Narzulla Saydullayev
2 iyul 2015, 12:10
"Qizilqum" - "Neftchi" uchrashuvidan so'ng, ikkinchi bo'lib mezbonlar bosh menejeri Hamidjon Aktamov o'yin haqida o'z fikrlarini jurnalistlar bilan o'rtoqlashdi.
- Bugungi uchrashuv oson kechmasligini avvaldan bilardik, - dedi Hamidjon G'ulomovich. - "Neftchi" bejizga chempionat jadvalida yetakchilarni taqib qilmayapti. O'yindan oldin farg'onaliklar uchrashuvlari tushirilgan disklarni tomosha qilib, raqibni o'rganishga harakat qildik. Shunga qarab bugun o'yinni tashkil etishga urindik. Raqib - jiddiy, ammo g'alaba qozonsak bo'lardik.

Afsuski, yigitlar juda ko'plab qulay vaziyatlarni ko'kka sovurishdi. Jamoamiz o'yinidan ko'nglim to'ldi. Biroq natijadan qoniqmadim. Achinarlisi, bugun ikki ochkoni qo'ldan chiqardik.

Endi yigitlarga o'n kunlik tatil beriladi. Shundan so'ng, Navoiyda yig'ilamiz. 15 iyulda poytaxtimizdagi "Futbol-MED" sog'lomlashtirish markazida tibbiy ko'rikdan o'tiladi. So'ngra rejaga ko'ra, Toshkent viloyatida o'quv-mashg'ulotlar tashkil etamiz.

Albatta, davralar oralig'ida tarkibda ayrim o'zgarishlar amalga oshiriladi. Darvozabonlardan ko'nglimiz to'q. Biroq boshqa chiziqlarga yangi o'yinchilarni taklif etish niyatimizda. Maqsadimiz esa ikkinchi davra bahslarida muxlislarga chiroyli g'alabalar tuhfa etishdir.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcqizilqum.uz