Frank Riberi: “Fransiya Braziliyaga borishi shart”

Narzulla Saydullayev
15 noya 2013
Fransiya terma jamoasining yetakchilaridan biri Frank Riberi bugun bo'lib o'tadigan Ukraina – Fransiya o'yinidan oldin FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi. Quyida mazkur suhbatni o'qishingiz mumkin.
-   JCH-2014 saralash o'yinlarining pley-off bosqichidan o'rin olgan Ukrainaga qarshi bellashuvlar haqida nima deya olasiz?
-   Shaxsan men uchun terma jamoamizning mundialga borishi juda muhim. Ukraina – yaxshi jamoa, lekin Braziliyaga Fransiya borishi shart. Tan olaylik, biz kuchlimiz va buni ikkita uchrashuvda isbotlashimiz kerak. To'g'ri, oson bo'lmaydi, lekin g'alaba qozona olamiz.
 
-   Agar Fransiya jahon chempionatiga bora olmasa, unda nima bo'ladi?
-   Butun mamlakat uchun fojia bo'ladi. To'g'risi, bu haqda o'ylash ham qiyin, yo'qsa o'zimizni bosim ostiga qo'ygan bo'lamiz. Biz qo'rqmasdan o'ynashimiz kerak.
 
-   Qur'adan so'ng raqib sifatida Ukraina ma'lum bo'lgani sizni xursand qildimi?
-   Pley-off o'yinlarida har qanday raqib xavfli. Islandiya bo'ladimi yoki Portugaliyami... Kim bo'lishidan qatiy nazar, maydonga tushib g'alaba qozonish kerak.
 
-   Sobiq jamoadoshingiz Anatoliy Timoshuk bilan gaplashib ko'rdingizmi?
-   Ha, biz gaplashdik. Ikkalamiz ham faqat g'alaba haqida o'ylayapmiz.

-   Birinchi uchrashuvni safarda o'tkazish sizlar uchun foydalimi?
-   Bu juda muhim. Agar Ukrainada yaxshi to'p sursak, o'z maydonimizda yanada erkinroq harakat qila olamiz.
 
-   Nima uchun “Bavariya”ning ko'pincha birinchi taymda o'yini qovushmayapti?
-   Bilmadim. Lekin ikkinchi taymda yaxshi harakat qilyapmiz. Ehtimol, bu har uch-to'rt kunda maydonga tushayotganimiz bilan bog'liqdir.
 
-   Klublar o'rtasidagi jahon chempionati bu safar Marokashda, dekabr oyida o'tkaziladi. Bu turnir siz uchun qanchalik muhim?
-   “Bavariya” uchun har bir musobaqa muhim. Biz doim g'alaba qozonishni xohlaymiz.
 
-   Siz uchun musobaqaning aynan Marokashda o'tkazilishi nimanidir anglatadimi?
-   Albatta. Axir men ham musulmonman va Marokash xalqi francuz tilida gapira oladigan musulmonlar sirasiga kiradi. U yerda juda katta stadionlar bor deb eshitganman. Shunday ekan, men uchun o'zgacha musobaqa bo'ladi.

-   Hech Marokashda bo'lganmisiz?
-   Hozircha yo'q. O'z vaqtida Jazoirga borgandim, chunki turmush o'rtog'im o'sha erlik. Men u yerda ikki hafta maza qilib dam olgandim.

-   2013 yilda sizni ko'proq nima xursand qildi?
-   Men sog'lomman va deyarli jarohat olmadim. Bu esa futbolchi uchun juda muhim. Agar hammasi shunday davom etsa, futboldan ko'proq rohat olishda davom etaveraman.

X.Xoliqov tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia