Farg'onada "Mehribonlik uylari" tarbiyalanuvchilari o'rtasida futbol uchrashuvi o'tkazildi

Narzulla Saydullayev
9 okt 2019, 21:05
Bugun Farg'ona shahridagi "Istiqlol" stadioni maydonida "Mehribonlik uylari" tarbiyalanuvchilari o'rtasida futbol uchrashuvi tashkil etildi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sport musobaqalarini o'tkazish orqali do'stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan mazkur futbol uchrashuvida Marg'ilon va Qo'qon shaharlaridan tashrif buyurgan "Mehribonlik uylari" tarbiyalanuvchilari ishtirok etdilar. Farg'ona viloyati hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat xalq talimi boshqarmasi hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi tashabbusi ostida tashkil etilgan futbol uchrashuvi O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qoidalar asosida o'tkazildi.

Qiziqarli va gollarga boy tarzda o'tgan bahsda Marg'ilon  shahridan tashrif buyurgan "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari qo'qonlik tengqurlarini 4:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdilar.

Musobaqa yakunida mazkur futbol uchrashuvi ishtirokchilariga mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan diplom va esdalik uchun sovg'alar topshirildi.

Shuningdek, futbol uchrashuvi yakunida Farg'ona futbol akademiyasining 2005-yilda tug'ilgan futbolchilari respublika chempionligini qo'lga kiritganliklari uchun viloyat hokimligining maxsus sovg'alari topshirildi.


Bekzod Tolibov tayyorladi


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia