Eshitdik-da! O'zbekistonga Efiopiya kelishi mumkin

Saytimiz orqali 20-28 iyul kunlari oralig'ida milliy terma jamoamiz yig'in o'tkazishi haqida ma'lumot bergandik.
Lekin ma'lum bo'lishicha, yig'in chindan ham shu oyning oxirgi o'n kunligida tashkil qilinadi, faqat bunda milliy terma emas, balki Janubiy Koreyadagi Osiyo o'yinlariga boradigan U-23 jamoamiz mashg'ulot olib boradi.

Xabaringiz bor, shu yilning kuzida Inchxonda navbatdagi Osiyo o'yinlari bo'lib o'tadi. Unda Mirjalol Qosimov boshchiligidagi U-23 terma jamoamiz ham ishtirok etadi. 1994 yil Xirosimada g'olib chiqqanimizga 20 yil to'lishi munosabati bilan bu musobaqada ham oltin medallarni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgan.

Tasdiqlanmagan xabarlarga qaraganda, to'qqiz kunlik yig'in chog'ida terma jamoamizning Efiopiya bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishi kutilmoqda. Bizga ma'lum bo'lishicha, Afrika qitasi mamlakati Efiopiyaga bu borada taklif yuborilgan va endi ularning javobini kutish qolyapti. Agar Efiopiya termasi kelmaydigan bo'lsa, unda oliy liganing birorta klubi bilan nazorat bellashuvi o'tkaziladi. Bu jamoa “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” yo “Olmaliq” bo'ladi.

Manba: championat.asia