Eshitdik-da! "Navbahor" "Olimpik"ning 2 futbolchisiga jiddiy qiziqmoqda

Tolibjon Qosimov
20 iyul 2024, 16:56
Superliga klublari tarkibni shakllantirish jarayonini davom ettirishmoqda.

Kecha rasman Sergey Lushchanni bosh murabbiy sifatida tanishtirgan "Navbahor" transfer oynasida tezlikni oshirmoqda. "Championat.asia" olgan ma'lumotga ko'ra, namanganliklar "Olimpik"ning ikki nafar himoyachisiga jiddiy qiziqish bildirishmoqda. Bular: Saidazamat Mirsaidov (o'ng qanot himoyachisi) va Shahzod Toirov (markaziy himoyachi).

"Lochinlar" Mirsaidovni qishda ham tarkibga qo'shib olmoqchi bo'lgan, hatto u jamoaning Turkiyadagi yig'iniga ham borgan edi. Ammo, keyinroq "Olimpik"ning barcha o'yinchilari ortga qaytarilgan va ushbu transfer amalga oshmay qolgandi. Endi tomonlar o'zaro kelishuvga erishishgan va katta ehtimol Saidazamat 2-davra oldidan "Navbahor" tarkibiga borib qo'shiladi.

Toirov masalasi esa hali to'la hal qilinmagan, "Olimpik"dagilar asosiy tarkibning ko'pgina vakillari jamoani tark etayotgani sabab yana bir muhim futbolchini qo'yib yuborishni xohlashmayapti. Voqealar rivojini saytimizda kuzatib boring.


Eslatib o'tamiz, 23 yoshli Mirsaidov joriy mavsum Superligada 13ta o'yin o'tkazdi va 2ta assistni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi. 22 yoshli Toirov esa Superliga va O'zbekiston kubogida jami 10ta o'yinda maydonga tushdi hamda bitta gol urdi.

O'xshash yangiliklar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia