Eshitdik-da! “Nasaf” yana jarimaga tortildi

O'tgan 2021 yilgi mavsumda Qarshining “Nasaf” jamoasi OFK kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda musobaqaning finaliga qadar yetib bora olgan edi.

Ammo klub finalchi sifatida ishlab topgan mukofot pullarini jarimalarni to'lashga sarflaydigan ko'rinadi. 

Yangi yil arafasida “Nasaf”ning ilgari klubda ko'rikdan o'tgan fransiyalik futbolchi Abdelae Diakite bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmagani uchun FIFA transfer taqiqi belgilagan edi. Ushbu qarzdorlik hal etilmagunicha “ajdarlar” yangi o'yinchilar bilan shartnoma tuza olmasligi tayin. 

"Kino davom etadi": "Nasaf" Diakite uchun jarima to'laydi

Eshitishimizga qaraganda, “Nasaf” oldida yana bir muammo paydo bo'ldi. Yodingizda bo'lsa, o'tgan yili OFK kubogi doirasidagi Gonkongning “Li Man” jamoasiga qarshi o'yinda OFK uchrashuvga muxlislar kiritilishiga ruxsat bergan edi. Biroq pandemiya sabab karantin qoidalariga rioya etilishi talab etilardi. Ammo ma'lum bo'lishicha, “Nasaf” o'sha uchrashuvda xavfsizlik va karantin qoidalariga rioya qilinishini taminlay olmagan. 

Qo'shimcha ravishda, pandemiya davrida masofa saqlash nuqtayi-nazaridan ko'pincha jamoalarning zaxira futbolchilari odatdagi zaxira o'rindig'ida emas, balki uning ortidagi tribunalarda o'tkazilganiga guvoh bo'ldik. “Li Man” bilan o'yinda aslida faqat jamoa a'zolari o'tirishiga mo'ljallangan va zaxira futbolchilari joylashgan tribunaga tibbiy niqobsiz muxlislar ham kiritib yuborilgan. 

Eshitishimizga ko'ra, xavfsizlik masalasiga e'tiborsiz bo'lgan “Nasaf” klubiga OFK jarima belgiladi.

Eshitdik-da! "Oq-tepa" va "Istiqlol" "kambek" qilmoqchi


Manba: championat.asia