Eldorbek Suyunovning "quruq" seriyasi 406 daqiqaga etdi

Narzulla Saydullayev
13 avg 2015, 12:55
Qarshining “Nasaf” klubi oliy liganing oxirgi uchta va kubok doirasidagi bitta o'yinda o'z darvozasidan umuman to'p olib chiqqani yo'q.

Jamoa posboni Eldorbek Suyunov so'nggi bor 14-turda “Paxtakor” bilan uchrashuvda gol o'tkazib yuborgandi. O'sha bahsning 44-daqiqasida Igor Sergeev tomonidan kiritilgan to'pdan keyin hech kim “Nasaf” darvozasini ishg'ol qila olgani yo'q. “Ajdarlar” “Paxtakor” bilan o'yindan so'ng “Mashal” (3:0), “Andijon” (1:0) va “Olmaliq” (2:0) kabi jamoalarni taslim qilishdi.

Bundan tashqari, kecha jamoa O'zbekiston kubogi yarim finali doirasida "Lokomotiv"ni 2:0 hisobida mag'lub etdi. Bu o'yinni ham qo'shib hisoblaganda Suyunovning “quruq seriyasi” 406 daqiqaga etdi.

Qarshiliklar keyingi o'yinni 16 avgust kuni “Qo'qon-1912”ga qarshi safarda o'tkazishadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia