Diyor Imomxo'jaev: "Kelasi yil Pro ligada translyatsiyalar soni oshadi"

Narzulla Saydullayev
30 avg 2020
Bugun Pro liga doirasidagi "Dinamo" - "Xorazm" uchrashuvi jonli namoyish etildi.

"Pro liga uchrashuvlarini va nihoyat ekranlarga olib chiqishga erishdik. Bu biz uchun katta yutuq.

O'z vaqtida Sport-TV quyi ligadan bir nechta uchrashuvlarni ko'rsatgan albatta. Bugun esa O'zPFL Pro liga translyatsiyasi masalasida UzReport bilan kelishuvga ega. Buning ilk mevasini bugun ko'rdik. 2020 yilning 30 avgust kuni sharhlovchi Orif Tolipov “Dinamo” - “Xorazm” uchrashuvini jonli efirda sharhlab bordi.

“Dinamo” bir yil avval Superligada to'p surganidan kelib chiqib, uning o'yinlarini futbol muxlislari ko'p bor tomosha qilishgan. Xorazmlik futbol muxlislariga esa o'z jamoalarining Futbol-TV kanalida ko'rinish berishi haqiqiy sovg'a bo'ldi deyishimiz mumkin.

Kelishuvga ko'ra, mavsum yakuniga qadar har turdan kamida 1 ta uchrashuv efirga olib chiqiladi. Kelasi yildan esa translyatsiyalar soni oshadi. Biz shu yilning o'zidayoq jonli efirlar sonini ko'paytirish ustida ishlaymiz.

Faqat unutmaslik kerakki, har bir stadiondan ilk efir test rejimida bo'ladi. Aytaylik, “Dinamo” stadionida ishlash endi Futbol-TV uchun begona emas, qolgan stadionlar esa hozircha yangi obekt. Translyatsiyalar bizga iloji boricha shaffoflikka erishish imkonini beradi. Translyatsiyalar maydonlar holati, futbolchilar harakati, hakamlar qarorlari, O'zPFL kamchiliklari haqida tasavvur paydo qiladi. Shundan kelib chiqsak, bu oldinga tashlangan katta qadamdir. Ishonamizki, oldinda ko'p yaxshi yangiliklar kutib turibdi", - deb yozadi PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo'jaev telegramdagi o'z kanalida. 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia