Dilshod Andaev: “Andijon” qarshi hujumda harakat qildi”

21 avg 2013, 20:55
Kosonning “Alanga” jamoasi bugun o'z maydonida chempionat yetakchilaridan biri “Andijon”ni qabul qildi.
Bu safar jamoa yana vodiy klubiga qarshi kechgan bahsda mag'lubiyatga uchradi. O'yindan so'ng, mezbonlar bosh murabbiyi Dilshod Andaevning fikrlarini tingladik.

-Uchrashuvda tashabbus to'liq jamoamiz tomonida bo'ldi – deydi Andaev. Ammo o'yinning 3-daqiqasida Hurshid Suyunov kutilmaganda o'z darvozamizga gol kiritib yubordi va shu tariqa o'z xatoimiz tufayli mag'lubiyatga uchradik.

Goldan so'ng “Andijon” asosiy e'tiborini himoyaga qaratdi va qolgan vaqtlar mobaynida ko'proq qarshi hujum taktikasida o'ynadi. Raqib jamoa ham bugun yomon taassurot qoldirmadi. Yaxshi jamoa, tarkibida oliy ligada to'p surgan o'yinchilar bor. To'pni o'zida ushlab tura oladi.

Bugungi mag'lubiyat ikkinchi bosqichdagi uchinchidir. Bundan oldin vodiyning boshqa jamoalari, “Chust-Paxtakor” va “Kosonsoy”ga imkoniyatni boy bergandik. Shuning uchun hozir turnir jadvalidagi o'rnimiz xavas qiladigan darajada emas.

Endi keyingi o'yinda, “Qo'qon-1912”ni qabul qilamiz. Ungacha yigitlarni ruhiy jihatdan tayyorlashimiz kerak. Tushunaman, bugungi kunda ular ruhiy tomondan tushkun kayfiyatda. Shuning uchun bugungi o'yindan keyin shogirdlarimga etiroz bildirmadim. Ular uchrashuvning oxiriga qadar jiddiy kurashdi.

Manba: www.championat.asia