Dario Marinovich: "Argentina Braziliyadan kuchsiz, sababi ulardagi o'yinchilar darajasi pastroq"

Оқил Абдубарноев
28 sen 2024, 17:28
Futzal bo'yicha jahon chempionati 1/8 finali doirasida Argentinaga qarshi o'yindan so'ng (0:2) Xorvatiya terma jamoasi sardori Dario Marinovich saytimizga intervyu berdi.

"Argentinaga qarshi qiyin, ammo yaxshi o'yin o'tkazdik. Biroq yaxshi o'yin g'alaba qozonish uchun etarli bo'lmadi. Bilamizki, Argentina dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri va ularda mahoratli o'yinchilar ko'p. Albatta, raqib g'alabaga loyiq edi, biroq jamoadoshlarimga etiroz bildirmayman, sababi, qo'limizdan kelgancha, harakat qildik. Lekin keyingi bosqich masalasida bitta uchrashuv orqali hal qilinadigan belashuvlarda qanday o'ynash kerakligi borasida ko'p ishlashimiz lozim.

Mundialda Janubiy Amerikaning ikki jamoasiga qarshi ro'baro' keldik. O'ylashimcha, Braziliya Argentinadan kuchliroq, biroq ularning o'zaro o'yinidan har qanday vaziyat bo'lishi mumkin. Sababi Argentina o'ta agressiv o'yin namoyish etadi, bunday o'yin bilan esa Braziliyani bemalol mag'lub etishi ham mumkin. Biroq baribir ikki jamoani solishtirganda, Argentinani bilan o'ynash nisbatan qulayroq. Chunki, ulardagi o'yinchilar darajasi braziliyaliklarnikidan pastroq.

O'zbekistondagi turnir faoliyatimdagi ilk jahon chempionati edi. Bunday musobaqada ishtirok etish har qanday futzalchining orzusi bo'lsa kerak. O'zbekistondan iliq taassurotlar qoldi. Bu mamlakat, bu yerdagi odamlar menda yaxshi taassurot qoldirdi", dedi Marinovich.

Oqil Abdubarnoev suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia