Bunyodkor Jasur Jaloliddinov transferidan tushgan pulni ishlata olmayotgani ma'lum bo'ldi. Bunga sabab nima?

Narzulla Saydullayev
20 okt 2020, 11:54
Toshkentning Bunyodkor klubi Moskvaning Lokomotiviga sotib yuborilgan Jasur Jaloliddinov transferidan tushgan mablag'ni ishlata olmayotgani ma'lum bo'ldi.

Qayd etish joiz, Jasur Jaloliddinov 2020 yil 29 iyulida Lokomotivga klubiga o'tgandi. Bunyodkor ushbu transfyerdan umumiy hisobda 350 ming dollarga (200 ming dollari transfer summasi bo'lsa, yana 130 ming 150 ming dollar mashg'ulot kompensaciyasi) ega bo'lishi aytilgandi.

Daryoga ma'lum bo'lishicha, Bunyodkor mazkur 350 ming dollar miqdoridagi mablag'ni ishlata olganicha yo'q. Uni qo'lga kiritish uchun Bunyodkor bankka shartnomaning asl nusxasini taqdim etishi kerak bo'lgan. Ammo o'tgan 2,5 oy vaqt ichida hujjatning asl nusxasini topishning iloji bo'lmagan.

Norasmiy manba xabariga ko'ra, Lokomotiv futbolchilar transferini ro'yxatdan o'tkazish dasturiga ikki klub o'rtasidagi kelishuvni emas, futbolchining Bunyodkor bilan bekor qilingan shartnomasi bo'yicha hujjatni joylagan. Shuningdek, dasturda transfer summasi ham aniq ko'rsatilmagan.

Eslatib o'tamiz, 2020 yil iyul oyida Bunyodkorning o'sha vaqtdagi direktori Ulug'bek Mirzaev Jasur Jaloliddinov 350 ming evro evaziga Moskvaning Lokomotiv klubiga o'tayotganini tasdiqlagandi. Orada Chempionat nashri Lokomotiv Jaloliddinov uchun 1 million evro sarflashini, mablag'ning 100 ming evrosi futbolchining Bunyodkor bilan amaldagi shartnomasini bekor qilishga, qolgan 900 ming evro esa Jasurning agentlariga nasib etishi haqida ma'lum qildi. 29 iyul kuni esa moskvaliklar Jasurning transferini e'lon qildi. Avgust oyi avvalida Bunyodkor direktori Ulug'bek Mirzaev ishdan ketgani aytildi. Shundan so'ng avgust oyida Professional futbol ligasi Jasur Jaloliddinov transferida shubhali jihatlar borligini e'lon qilib, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murojaat qilgani aytildi. Ushbu murojaat natijalari tashkilot rasmiy saytlarida e'lon qilinmadi. Ammo Championat.asia sayti ushbu masalada Ulug'bek Mirzaev barchasini klub foydasiga hal etganini va tez orada uning o'zi nashrga intervyu berishini e'lon qildi. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, Bunyodkor futbolchilari oxirgi bor iyun oyida maosh olgan.

Ma'lumot uchun, Jasur Jaloliddinov 2002 yil 15 mayda Navoiyda tug'ilgan. 2018 yil 2 avgust sanasida Bunyodkor safida Superliga doirasida debyut o'yinini Qo'qon-1912ga qarshi o'tkazgan. U debyut qilgan vaqtda 16 yosh 80 kunlik edi. Bu orqali u O'zbekiston chempionatida maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylangandi. 2019 yil oktyabrida The Guardian talqiniga ko'ra, dunyoning eng istedodli 60 futbolchisi ro'yxatida qayd etilgan. 2019 yil yakunlariga ko'ra, Superliganing eng yaxshi o'yinchisi deb topilgan. 2019 yil dekabrida Italiyaning Benevento klubi ko'rigida bo'lgan.

Qayd etish joiz, Jasur Jaloliddinov mavsum so'ngiga qadar Lokomotiv tomonidan Tambov klubiga ijaraga berildi. U yangi jamoasida 7-raqam ostida harakat qiladi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: daryo.uz