"Bunyodkor" haqidagi xabar rostmi?

Javlon Ibrohimov va "Bunyodkor" o'rtasidagi ish Lozannadagi xalqaro sport arbitraj sudida ko'rib chiqilishi haqida xabar bergandik.

Bugun esa saytimizning "Eshitdik-da!" rukni arbitraj sudi mazkur ishni ko'rib chiqish talab qiladigan mablag' miqdorini e'lon qildi. Mazkur xabarda 200 mln so'm miqdoridagi ish uchun "Bunyodkor"ning 212 mln to'lashi kerakligi kuzatuvchilarning e'tiborini tortgan. Voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Championat.asia xodimi Faxriddin Ro'ziev "qaldirg'ochlar" bosh direktori Ulug'bek Mirzaevning bu boradagi fikrlari bilan qiziqdi.

"Ha, saytingizda chop qilingan xabarni o'qidim. Ko'rsatilgan mablag' to'g'ri, lekin sizga ma'lumot berganlar holatni noto'g'ri talqin qilishibdi. Aslida 18 ming frank 3 tomon o'rtasida bo'linadi. Ammo, Javlon Ibrohimov va O'FA o'z chekiga tushadigan 6 ming frankni to'lashni istamasa, bu mablag' klub tomonidan qoplanadi. Va ishda biz yutib chiqqanimizdan keyin xalqaro sport arbitraj sudi narigi tomondan bizning ulushimizni undirib beradi. Yani, "Bunyodkor" hozir talqin qilinayotgandek 200 mlnlik ish uchun 212 mln to'lamoqchi emas. Aksincha, 60 mln atrofidagi xarajat 140 mln so'mning klub hisobida qolishiga xizmat qiladi", -deydi Ulug'bek Mirzaev.


Manba: championat.asia