Bu qiziq. Lyubomir Feysa 8 yilda 9 marta chempion bo'ldi!

Narzulla Saydullayev
23 may 2016
1988 yilda sobiq Yugoslaviyada tug'ilgan himoyachi Lyubomir Feysa haqida ko'pchilik eshitmagani bor gap.

Biroq Serbiya terma jamoasi a'zosi 2009 yildan buyon qaysi klubda o'ynasa o'sha chempion bo'lmoqda.

2008 yil Serbiyaning "Partizan" klubi bilan shartnoma tuzgan Feysa bu jamoa safida ketma-ket uch yil (2009, 2010, 2011) davomida chempion bo'ldi.


Shundan keyin futbolchi faoliyatini Gretsiyaning "Olimpiakos" klubida daovm ettirdi. Bu klubda ham ketma-ket uch bor (2012, 2013 va 2014) mamlakat chempioni bo'lishga erishdi.



2013 yil avgust oyida Portugaliyaning "Benfika" klubiga ko'chib o'tgan Feysa Lissabonda ham uch yil (2014, 2015 va 2016) chempionlik kubogini boshi uzra ko'tardi.

Yuqorida 2014 yilda u ham "Olimpiakos", ham "Benfika" klubida chempion bo'lgani haqida yozdik. Yo'q bu xato emas. Gap shundaki Lyubomir 2013/2014 yilgi mavsumda Gretsiya chempionatining birinchi turida maydonga tushgan va shundan so'ng Portugaliyaga yo'l olgan. Shu bois unga ham Gretsiya, ham Portugaliya chempionligi medali taqdim etilgan.



Shu tariqa, serbiyalik himoyachi oxirgi 8 yil ichida 9 marta chempion bo'ldi!

Bu chempionliklardan tashqari Feysa hisobida 2ta Serbiya kubogi, 2ta Gretsiya kubogi, bitta Portugaliya kubogi, 3ta Portugaliya liga kubogi va bitta Portugaliya Superkubogi ham mavjud. 2008 yildan buyon futbolchi 18ta sovrinni qo'lga kiritdi.  


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia