Boburjon Akbarov: "Dzyubaga imkon bermaslikka harakat qildik"

Narzulla Saydullayev
23 yanv 2014, 10:51
Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi kecha Dubay yig'ini doirasida Rossiya premer-ligasi ishtirokchisi “Rostov”ga qarshi nazorat uchrashuvi o'tkazdi.
“Qaldirg'ochlar”ning boshlang'ich tarkibida markaziy himoyada Xayrulla Karimov va Boburjon Akbarov tandemi harakat qildi. Uchrashuvdan so'ng jamoamizning yangi a'zosi Boburjon Akbarovning fikrlari bilan qiziqdik.

- “Rostov”ga qarshi o'yin qanday bo'ldi?
- Ochig'ini aytsam, bunday kuchli raqibga qarshi birinchi marotaba to'p tepishim. Bu kabi nazorat uchrashuvlari hozirgi paytda bizga judayam kerak. Ko'proq shunday bahslar o'tkazib tursak mavsum startigacha yangi jamoadoshlarim bilan yanada yaxshiroq til topishib olamiz.

- Ayni damda Rossiya premer-ligasi to'purari bo'lib turgan Artyom Dzyubaga qarshi harakat qilish qiyinchilik tug'dirmadimi?
- Dzyuba katta tajribaga mahoratga ega. Unga qulay vaziyat yaratmaslik uchun harakat qildik.

- “Bunyodkor”dagi tajribali futbolchilarning yordamini sezib turibsizmi?
- Albatta. Avvalo murabbiylarning ko'rsatmalari va bizga qaratayotgan e'tiboridan xursandman. Shuningdek, markaziy himoyada Xayrulla Karimovning ko'magini doimo his qilib turaman. Xayrulla aka qay vaqtda qaysi poziciyada turishimni va qanday o'ynash kerakligini aytib turadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcbunyodkor.com