Birinchi liga. Sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi - Zoxir Qo'ziboev!

Narzulla Saydullayev
5 okt 2013, 12:59
Championat.asia joriy yil birinchi liga o'yinlarini yoritib borish bilan birga, unda har bir voqelikka a'lohida e'tibor qaratib kelmoqda.
Xususan saytimiz ijodkorlari birinchi ligada oyning eng yaxshi o'yinchisini aniqlab borish loyihasini yo'lga qo'ygan. Yodingizda bo'lsa, avgust oyida eng yaxshi o'yinchi "Spartak" hujumchisi Firdavs Asadov bo'lgandi.

Ortda qolgan sentyabr oyida esa Zoxir Qo'ziboev eng yaxshi futbolchi deb topildi.

"Mashal"ning 27 yoshli hujumchisi sentyabr oyida jamoasi bilan oltita o'yin o'tkazdi. Unda to'rttasida g'alaba qozondi va bitta durang, bitta mag'lubiyatga uchradi. E'tiborlisi futbolchi ushbu oltita o'yinda 5ta gol urgan. Qo'ziboev gol kiritgan o'yinlarda "Mashal" yutqazmagan.

Undan keyingi o'ringa esa "SA" xodimlari "Chust-Paxtakor" hujumchisi Nizom Norovni loyiq deb topdi. Asli surxondaryolik bo'lgan Norov sentyabr oyida o'zini ko'rsatishga erishdi. Xususan Chustda "Mashal" darvozasini ikki bor aniq nishonga olib, peshqadamni ochko yo'qotishiga majbur qildi.  Undan tashqari safarda "Orol"ga qarshi kechgan bahsda ham Nizom Norov dubl qayd etib, jamoasining g'alabasini taminlashga erishdi.

Mana oktyabr oyidan o'rin olgan tur o'yinlari ham boshlandi. Ko'ramiz mazkur oyda qaysi jamoa futbolchisi o'zini ko'rsata olar ekan. Saytimiz esa birinchi ligani yoritishda davom etadi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia