Anvar Berdiev: "Ochig'i Abduraimovdan bunday harakatni kutmagandim, u bilan shartnomani bekor qildik"

Aslanov Jasurbek
8 apr 2024, 21:35
Pro-liganing 5-turidan o'rin olgan "Sho'rtan" - "Aral" (1:1) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Anvar Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yin haqida


- O'zbekiston ahlini kirib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami bilan tabriklayman. Shunaqa o'yin bo'lishini kutgandik. "Aral" jamoasi oxirigacha kurashuvchan jamoa. Ko'p vaziyatlardan foydalana olmadik. Qimmatli 2 ochkoni boy berdik.


- Bugungi ochko yo'qotilishi omadga bog'liqmi yoki vaziyatlardan foydalana olmaslik bilanmi?


- Hammavaqt omad bilan bog'lash ham to'g'ri bo'lmaydi. Omad kuchlilar tomonida bo'ladi. Vaziyatga shay turish kerak.


- Bugun har ikki jamoa darvozasiga ham o'ng qanotdan tashkil etilgan hujumlar gol bilan yakunlandi. "Sho'rtan"da qanotlar qanday ishladi?


- Yigitlar imkoniyat boricha harakat qilishdi. Lekin xatolar ham uchrab turdi. Futbol 90 daqiqa bo'lsa, gollar soniyalar ichida kiritiladi. O'yindan kelib chiqqan vaziyatlar bo'ldi.


- Jasur Xolto'raevni zaxiraga olinishi sabablari haqida...


- Xolto'raev har ikki bo'limda ham harakat qildi, ter to'kdi. Hujumchi maydonni golsiz tark etishni istamaydi. Bilasizlar, u bizga Superligadan kelib qo'shilgan. Undagi holatni tushundim. Boshqa hujumchilarga ham imkoniyat berishimiz kerak.


- Tabloda 88-daqiqa ketayotgan vaqtda bosh hakam o'yinga 5 daqiqa qo'shib berishdi. Siz bu borada etiroz bildirgandek ko'rindingiz...


- Yo'q, tablodagi vaqtdan kelib chiqib zaxira hakamiga savol berdim. Aytishicha, tablodagi vaqt bilan hakamlar o'yinni boshlagan vaqtda farq yuzaga kelgan. Tabloni ertaroq yoqib qo'yishgan. Bu o'yinga ta’sir ko'rsatgan deb hisoblamayman.


- Darvozabon Sherzod Abduraimovning harakati yuzasidan chora ko'rilishini aytgandingiz. Bu jarayon qanday kechayapti?


- Ochig'i Abduraimovdan bunday harakatni kutmagandim. U tarbiyali yigit edi. Tushunarsiz vaziyat bo'ldi. Buni oqlamoqchi emasmiz. Shundan kelib chiqib u bilan shartnomani bekor qildik.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia