Antonio Konte operaciya qilinadi

Sherzod Nurmatov
1 fev 2023, 18:56
"Tottenxem" bosh murabbiyi Antonio Konte qattiq og'riqlar tufayli jarrohlik amaliyotini boshdan o'tkazadi.

Jamoa ustozi Premer-liganing bir nechta o'yinini o'tkazib yuboradi. Bugun erta tongda Konte qorin qismida qattiq og'riq sezgan. Natijada u operaciya qilinib, o't pufagi olib tashlanadigan bo'ldi. Shu tufayli italiyalik mutaxassis bir necha hafta jamoaga ustozlik qila olmaydi. Uning yordamchisi Kristian Stellini "shporlar"ni yakshanba kuni "Manchester Siti"ga qarshi o'yinda boshlab tushadi.

Klub rasmiy bayonot bilan chiqib murabbiyga sog'liq tiladi. O't pufagining yallig'lanishi tufayli uning olib tashlanishidan keyin tiklanish jarayoni bir oy vaqtni talab qiladi. 

Konte iloji boricha tezroq safga qaytishga harakat qiladi. Biroq u 14 fevral kuni Chempionlar Ligasi 1/16 final bosqichining birinchi uchrashuvida "Milan"ga qarshi kechadigan safardagi bahsni o'tkazib yuboradi. 

"Tottenxem" "San Siro"ga safar qilishdan avval "Lester"ni sinovdan o'tkazadi. Shundan keyin esa jamoani "Vest Xem" va "Chelsi"ga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi.

Klub yaqin orada Kontening operaciyadan keyingi ahvoli va Stellinining uning vazifasini vaqtincha bajarib turishi borasida rasmiy ma'lumot beradi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: The Mirror