

– Bugungi o'yin bo'yicha fikrlaringiz qanday?
– O'yin oson kechmasligini va mezbonlar ilk daqiqalardan tashabbusni qo'lga olishga urinib, agressiv harakat qilishlarini taxmin qilgan edik. Umuman olganda, ular buni uddalashdi va biz yana dastlabki 10 daqiqalikdayoq gol o'tkazib yubordik. Yaxshiyamki, raqibning maydonda o'n kishi bo'lib qolgani bizga biroz omad keltirdi, desak ham bo'ladi. Bu ustunlikdan darhol va to'liq foydalanib ketdik, deya olmayman, lekin raqib kamchilikda o'ynagani evaziga o'yin oxiriga borib ularni taslim etishga erishdik. Shu sababli bu g'alaba - og'ir va mashaqqatli g'alabadir. Yigitlar borini berib harakat qilishdi, ularga minnatdorchilik bildiraman. O'zimni va barcha muxlislarimizni ushbu g'alaba bilan tabriklayman.
– Birinchi savolim. Penalti belgilanganiga munosabatingizni so'rab o'tirmayman, lekin aniqroq tushunmoqchi edim: tanaffusda qanday ko'rsatma berildi va o'zingiz aytganingizdek, nega raqib kamchilikda qolganidan keyingi ustunlikdan darhol foydalanib, o'yinni o'zgartirib yuborishning imkoni bo'lmadi? Ikkinchidan, futbolchilarga qanday vazifa yuklatilgan ediki, yakunda baribir o'yinda burilish yasashga muvaffaq bo'ldingiz?
– O'zingiz ko'rdingiz, garchi to'p nazorati bizda bo'lsa-da, aynan hujumning yakuniy qismida bizga keskinlik yetishmadi, ko'p ham xavfli vaziyatlar yarata olmadik. To'pni juda sekin harakatlantirdik, maydonning u qismida o'zimizga ishonchsiz o'ynadik, aldamchi harakatlarga qo'l urmadik, tajovuzkor o'ynamasdan, shunchaki to'pni oshirib yurdik. Birinchidan, buning sababi - raqib himoyada olti kishi bo'lib o'ynaganidadir. Ular bir chiziqda olti kishi bo'lib turishdi. Bizning vazifamiz ularni shu himoya chizig'idan chiqib ketishga majbur qilish edi, biroq bu doim ham o'xshamadi, bazida shoshqaloqlik qildik. Ammo raqibning oltilik himoyasidan bir o'yinchini chiqarib olishga erishgan yagona vaziyatimizda ochiq bo'shliq yuzaga keldi va biz o'sha erga to'pni yo'naltirib, gol urdik. Ikkinchidan, hujumda baribir kreativlik yetishmadi. Ixtiyorimizda bo'lgan o'yinchilar bizga buni bera olishmadi. Shu sababli Kacharava va Qayumovning maydonga tushishi evaziga o'yinni biroz rang-baranglashtirishga erishdik. Kacharavaning bo'ydorligi asqotdi, qanotlardan uzatmalar bordi va biz maydonning so'nggi qismida – hujumni yakunlash fazasida ancha ishonchli harakat qila boshladik. Bundan tashqari, raqib bo'sh hududlarda yaxshi o'ynaydi, hammamiz bilamizki, "Dinamo" qarshi hujumda xavfli jamoa. Shuning uchun ularning uzun uzatmalaridan cho'chidik va hujumchilari bo'sh hududlarga qochib ketganda, himoyada biroz ishonchsiz harakat qildik. To'pni yo'qotganda ham doim pressingga kirishmadik. Umuman olganda, yana bir bor takidlayman, asabiy o'yin bo'ldi va barchamizni g'alaba bilan tabriklayman.
– Lekin hisob tenglashganidan keyin ham "Dinamo"da so'nggi 15 daqiqalikda o'yin borasida ustunlik kuzatildi, chunki ular oldinga yorib kirishga erishdi, o'yin oxirida esa umuman katta bosim uyushtirishdi. Nima sodir bo'ldi?
– Odatdagidek, gol urilgandan so'ng jamoa hisobni ushlab qolishga urinadi, faqat biz emas, balki hamma shunday qilsa kerak. Shuning uchun biroz orqaga chekindik. Uzun uzatmalar orqali bizga katta xavf tug'dirishdi, deya olmayman, chunki, yaxshiyamki, qaytgan to'plarni asosan biz yutib olayotgandik, biroq burchak zarbalari haqiqatan ham xavfli ko'rinish oldi. Umuman olganda, futbolda bu qonuniyat: bir jamoa hisobni saqlab qolishga urinadi, boshqasi esa hisobni tenglashtirishga intiladi, so'nggi daqiqalarda bunday holatlardan qochib qutula olmaysiz. Ko'p narsa o'xshamadi, bir nechta o'yinchilarimiz o'yindan tushib qolishdi, balki ularga jismoniy tetiklik yetishmagandir. Shunaqasi ham bo'lib turadi, odamlar robot emas-ku, har doim ham g'alaba qozonishga imkon beradigan darajada barqaror o'ynay olishmaydi. Yaxshiyamki, yakunda hammasi ijobiy hal bo'ldi.
– Raqib hisoblanmish "Dinamo" jamoasining jismoniy holatini qanday baholaysiz?
– Yomon emas, ko'p yuguradigan, yaxshi va mazmunli o'ynaydigan va oldingi chiziqda agressiv harakat qiladigan jamoa. To'g'ri, ularda ham ma'lum muammolar bor, bu barcha jamoalarda, jumladan, bizda ham kuzatiladi. Jamoa baribir yuqoriga ko'tarilmoqda va biz aynan shu chetlatish holatidan foydalanishga urindik... Chetlatish ham aynan bizning rejamiz tufayli sodir bo'ldi: asosiy e'tiborimiz o'z maydonimizda raqib hujumini barbod qilgach, darhol himoyachilar ortiga to'p uzatishga qaratilgan edi. Umuman olganda, shunday bo'ldi ham, himoyachilar ortiga uzatma o'tdi, hujumchimiz kurashdi va unga nisbatan qoida buzildi, natijada maydondan chetlatish yuz berdi.



