
O'zbekiston chempionatining avguvst oyidagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash bo'yicha OAV xodimlari, jurnalistlar o'rtasida o'tkazilgan so'rovnoma 1-6 oktyabr kunlari bo'lib o'tdi. So'rovnomada jurnalistlar 12 nafar murabbiy va 14 nafar futbolchini g'oliblikka da'vogar sifatida ko'rsatishdi.
Murabbiy o'rtasidagi kurashda Neftchi maslahatchi murabbiyi Amet Memet, Dinamo ustozi Ravshan Haydarovni ikki ballga ortda qoldirib, sentyabr oyining eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Ushbu mutaxassis qo'l ostida Neftchi sentyabr oyida uchta o'yin o'tkazdi va barchasida g'alaba qozondi. Jumladan, jamoa o'z maydonida Olmaliqni 4:0, Qizilqumni 2:0 hisobida mag'lub etgan bo'lsa, safarda Guliston ustidan 3:0 hisobida zafar quchdi. Jamoa barcha uchrashuvlarda o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qola bildi.
Futbolchilar orasida esa Bunyodkor hujumchisi Aleksandr Pishur sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sentyabr oyi davomida uchta o'yinda jami uchta gol urgan Neftchi hujumchisi Nosirbek Otaqo'ziev undan 5 ball kam jamg'ardi. Qayd etish joiz, Pishur bungacha mart va aprel oylari so'rovnomasida ikkinchi, may va avgust oyi so'rovnomalarida uchinchi, iyun oyi so'rovnomasida esa to'rtinchi bo'lgan edi.
Sentyabr oyi davomida Bunyodkor Oliy Liga doirasida uchta o'yin o'tkazdi. 19-turda o'z maydonida Navbahorni 5:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgan bo'lsa, 18-turda Sho'rtan, 20-turda esa Buxoro bilan safarda 0:0 hisobida durang o'ynadi. Biroq Pishur o'zini Oliy Liga o'yinlarida emas, balki 25 sentyabr kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Kubogi finalida ko'rsatdi. Uning Nasaf darvozasiga yo'llagan ikki goli Bunyodkorga ketma-ket ikkinchi, jamoa tarixidagi to'rtinchi kubokni keltirdi.
Ma'lumot o'rnida, mart-noyabr oylarida o'tkaziladigan Oyning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi tanlovilarining natijalari umumlashtirib chiqiladi va natijalardan kelib chiqib, O'zPFLning 2013 yildagi eng yaxshi futbolchisi va murabbiyi nomi aniqlanadi.
Oyning eng yaxshi o'yinchisi so'rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Aleksandr Pishur (Bunyodkor) – 20 ball.
2. Nosir Otaqo'ziev (Neftchi) – 15 ball.
3. Shahzodbek Nurmatov (Metallurg) – 14 ball.
4. Ilhom Yunusov (Nasaf) – 7 ball.
5. Andrey Melnichuk (Dinamo), Farrux Shotursunov (Dinamo) – 6 ball.
Oyning eng yaxshi murabbiyi so'rovnomasi sentyabr oyi kuchli beshligi:
1. Amet Memet (Neftchi) – 21 ball.
2. Ravshan Haydarov (Dinamo) – 19 ball.
3. Murod Ismoilov (Paxtakor) – 11 ball.
4. Mirjalol Qosimov (Bunyodkor) – 10 ball.
5. Ro'ziqul Berdiev (Nasaf) – 6 ball.