Aleksandr Ejov: "Bugun ko'plab vaziyatlardan foydalana olmadik"

Narzulla Saydullayev
25 okt 2020, 20:35
PRO-Liga 13-turidan o'rin olgan "Istiqlol" - "Xorazm" (1:0) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Aleksandr Ejov fikrlarini bildirib o'tdi.

"O'yin haqida aytadigan bo'lsam, birinchi bo'limda o'yinimiz qovushmadi. Jamoamizning barcha a'zolari tomonidan amalga oshirilgan harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ikkinchi bo'limda o'yinimiz jonlandi va golga tortadigan vaziyatlarni yaratishni boshladik.

Bundan tashqari bugun ayrim futbolchilarimizda jarohat bor edi. Zahira o'rindig'imizda asosan yoshlar bo'lganligi uchun ular orasida o'yinni kuchaytiradigan futbolchilar yo'q edi. Aniq aytadigan bo'lsak, 4-5 nafar asosiy tarkib futbolchilarimizda jarohat bor. Bu kabi sabablar bugungi o'yin natijasiga o'z ta’sirini ko'rsatmasdan qolmadi. Shuningdek Saidjamol Davlatjonovni ham jarohat tufayli zahiraga oldik.

Ikkinchi bo'limda o'yinimiz chindan ham kuchaydi. Ko'plab vaziyatlar yaratdik. Biroq raqib darvozasini ishg'ol qila olmadik. Bu futbol, shunaqasi ham bo'lib turadi. "Istiqlol" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.

To'g'ri, bugun ikkinchi bo'limda ko'plab vaziyatlardan foydalana olmadik. Futbol shunaqa o'yin. Bugun bitta gol o'yin taqdirini hal qildi. Imkoniyatlardan foydalana olmaganimiz uchun yutqazdik" - deydi "Xorazm" bosh murabbiyi.



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia