"Liverpul" Isak uchun rekord summa tayyorlamoqda

Sherzod Nurmatov
28 iyul 2025, 12:48
"Liverpul" Luis Diasning "Bavariya"ga o'tishi 65 mln funtga kelishilganidan so'ng, "Nyukasl" hujumchisi Aleksander Isak uchun rekord darajada taklif bilan chiqishni rejalashtirmoqda.

"Liverpul" Luis Diasni sotishdan tushgan mablag'ni hujumni kuchaytirishga sarflamoqchi. Goal.com xabariga ko'ra, klubning ustuvor vazifasi "Nyukasl"ning 25 yoshli hujumchisi Aleksander Isak bo'lib qolmoqda. Shvetsiyalik forvard Saudiya Arabistoniga ko'chib o'tish variantini allaqachon rad etgan va faqat "Enfild"da o'ynashga e'tibor qaratgan.

Bosh murabbiy Arne Slot Isakni hujum chizig'idagi asosiy o'yinchi sifatida ko'rmoqda. Taniqli insayder Fabricio Romanoning takidlashicha, "Liverpul" rekord taklif tayyorlamoqda va Ben Jeykobsga ko'ra, klub "Nyukasl"dan ijobiy signal olsagina harakatga tushadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining o'zi allaqachon yozda "Sent-Jeyms Park"ni tark etish istagini bildirgan. Hozirgacha Ugo Ekitike transferi bilan birga 300 mln funt sarflaganiga qaramay, "Liverpul" bozorda faolligicha qolmoqda. Diasning ketishi, shuningdek, Darvin Nunesning sotilishi ehtimoli yangi hujumchiga ehtiyojni oshirdi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Goal.com