So’nggi yangiliklar

Ulug'bek Baqoev: Terma jamoamizda Eronga gol uradigan futbolchi bor… Yangiliklar

Ulug'bek Baqoev: Terma jamoamizda Eronga gol uradigan futbolchi bor…

Yaqin yillargacha O'zbekiston milliy terma jamoasining mohir hujumchisi sifatida gavdalangan Ulug'bek Baqoev bugungi kunda o'zi tug'ilib o'sgan Buxoroda murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Yaqinda yosh murabbiy Erudit Sport gazetasiga intervyu berib, murabbiylik faoliyati, terma jamoa va boshqa qator savollarga javob berdi.

FUTBOLCHI BO'LISH, MURABBIYLIKDAN OSONROQ

– Ulug'bek aka, sizni ajoyib hujumchi sifatida bilardik. Bu yildan etiboran murabbiylik faoliyatingizni boshladingiz. Aytingchi, murabbiylik qiyin ekanmi yoki futbolchilik?


– Har qanday sohaning o'ziga xos plyus va minuslari bor. Murabbiy bo'lganingizdan keyin siz butun jamoa, aniqroq qilib aytadigan bo'lsam, har bir futbolchi uchun alohida javob berasiz. Intizomga birinchi nav-batda o'zingiz qattiq rioya etishingiz shart! Aks holda o'yinchidan nimani talab qilasiz? O'yinchiga yaqin bo'lib, kerakli paytda uning do'sti, akasi-ukasiga aylanasiz. Xullas, har qanday sharoitda futbolchi sizni o'ziga yaqin his etishi lozim. O'yinchi bo'lgan paytda faqatgina ko'rsatmani bajarasiz, tartib-intizomga rioya etib, maydonga tushib o'ynaysiz, xolos. Ko'rib turganingizdek, o'yinchi bo'lish murabbiylikka nisbatan oson.

– Buxoro jamoasida ish boshlashingiz qanday kechgan edi? Taklifni kutganmidingiz?

– Rostini aytsam, bir kun murabbiy bo'lishimni bilardim. Ammo voqealar bunday tez rivojlanib, Buxoro jamoasida bosh murabbiy bo'laman deb hech kutmagan edim. Bir oz chigal va og'ir bo'lgan vaziyatda menga ishonch bildirishdi va men ishga kirishdim.

– Yil boshida jamoa oldiga qanday maqsadlarni qo'ygandi va siz shunga yarasha tarkibni kuchaytira oldingizmi?


– Men ishni boshlaganimda rostini aytsam, jamoada ko'p o'yinchi yo'q edi, buni ko'pchilik biladi. O'tgan yilgi tarkibning 80-90 foizi jamoani tark etgandi. Bu nima bilan bog'liqligini bilmayman. Buning aniq sababi menga qorong'i. Jamoani o'yinchilar bilan to'ldirish oson bo'lmadi. O'sha paytda aksariyat yaxshi o'yinchilar shartnoma imzolab bo'lishgan va boshqa jamoalarda faoliyat yuritishayotgan edi. Juda og'ir vaziyat yuzaga keldi, uni qanday hal etish borasida o'ylab bosh qotirardik, tashvishlanardik: Kimni, qachon jamoaga taklif qilamiz, muhimi ulguramizmi? Axir vaqtimiz juda oz edi. Asta-sekinlik bilan yangi futbolchilarni to'plab, yangi jamoani yig'dik. Menimcha, jamoamiz bilan yomon o'yin namoyish etmayapmiz.

O'TGAN YILGI TARKIBNI KUCHLI DEB AYTA OLMAYMAN…

– Buxoroning hozirgi tarkibini o'tgan yilgisi bilan taqqoslaganda, sizningcha, qaysi biri kuchliroq?


– Oliy Liga yakunida jamoamiz nechanchi o'rinni egallagani aniq bo'lganidan keyin bu savolingizga aniq bir javob bo'ladi. Qaysi tarkib kuchliligi borasida aniq bir xulosa aytish uchun shuningdek, vaziyatga real nigoh bilan boqish zarur. O'tgan yilgi va mazkur yilgi tarkibda vaziyatlar boshqa-boshqa edi! Ularda vaqt bor edi… Ammo shunga qaramay, men o'tgan yilgi tarkibni bu yilgi tarkibdan kuchli edi, deb ayta olmayman. Ayni damdagi Buxoro tarkibi yigitlari jonini berib o'ynashayapti. Bu savolingizga javob berish bir oz mushkul, nazarimda.

– Buxoro mavsumni yomon boshlamadi. CHempionat startini jamoangiz uchun qoniqarli hisoblaysizmi?


– Goh omadli, goh muvaffaqiyatsiz o'yinlarimiz bo'ldi. Hamma vaqt chiroyli o'yin ko'rsatib, g'alabalar bilan ishqibozlarni mamnun etishni istar edik. Ammo bu futbol!

– Ko'p yillar davomida Oliy Ligada to'p surgansiz. Bu yilgi chempionat o'tgan yilgisidan nimasi bilan farq qiladi?


– CHempionat juda qiziqarli boshlandi, oldindan hech kutilmagan natijalar qayd etildi. SHundan kelib chiqib bir narsani ayta olaman, nazarimda, chempionat juda qiziqarli bo'ladi. Har bir o'yin kutilmagan natija bilan tugayapti. Ularni zerikmasdan kuzatasiz, tomosha qilasiz. Bu nimadan dalolat beradi? O'zbekistonda futbol rivojlanyapti, o'sayapti. SHu jumladan, futbolchi yigitlar ham o'sib borayapti.

– Ivan Nagaev gazetamizga bergan intervyusida Buxoroga o'tishiga aynan siz sababchi bo'lganingizni takidlab o'tgan edi. Bu haqdagi fikringiz…


– Nagaev bilan birgalikda milliy jamoada o'ynaganmiz. Uni intizomli futbolchi sifatida yaxshi taniyman. Ivan bilan suhbatlashganimizda u taklifimizni qabul qildi va biz ishlashni boshladik.

– Va tabiiyki, siz uning o'yinidan mamnunsiz…


– Albatta, o'yinchi to'p surish davomida ajoyib gollar muallifi bo'lganida nafaqat murabbiy, balki o'yinni kuzatayotgan ishqibozlarning ham undan ko'ngli to'ladi. Nafaqat Nagaev, nazarimda, jamoaning boshqa o'yinchilari ham yaxshi natija uchun harakat qilishyapti.


O'ZBEK FUTBOLIDA HUJUMCHI MUAMMOSI YO'Q…

– Sizni mohir hujumchi sifatida bilardik. Ayni damda Oliy Ligadagi qaysi hujumchilarni alohida tilga olgan bo'lardingiz?


- O'ziga xos o'yinga ega bo'lgan hujumchilar talaygina. Keling, gapni jamoam hujumchilaridan boshlasam. Masalan, o'sha Nagaevni olaylik. U nimasi bilan boshqalardan farq qiladi, qay taraflama u kuchli? Unda tezlik juda yaxshi, himoyachidan mohirona qochishni eplaydi, shuningdek, u golni his eta oladi. Ishoning, golni his etish, hujumchi uchun juda muhim. SHog'ulomovni olaylik. Unda o'yinda ishlash qobiyaliyati yuqori. Yani u himoyachilarga ham yordam bera oladi, ham old chiziqda yaxshi harakatlana oladi. Paxtakordagi Sergeevni ham tilga olish mumkin. Yoki masalan, Abduxoliqovni olaylik, unda ham golni his etish tuyg'usi kuchli. Bir necha nafar futbolchilarnigina alohida to'xtalib o'tishni istamas edi. O'zbekistonda yaxshi hujumchilar talaygina. Ularning har birida o'ziga xos, o'z imzosiga ega o'yin uslubi bor. Menimcha, hujumchi jamoasiga foyda keltirib, o'z gollari bilan hisobni to'ldirib kelyaptimi, demak, u yaxshi hujumchidir.

– Afsuski, so'nggi yillarda o'zbek futbolida hujumchilar muammosi yaqqol bilinmoqda. Siz, SHackix, Irismetov kabi to'purar hujumchilar avlodi etishib chiqmayapti. Bunga nima sabab deb o'ylaysiz?


– Men buni muammo deb aytmasdim, nazarimda, o'zbek futbolida hujumchi muammosi yo'q. Bu malumot qaerdan chiqdi, bilmayman. Turli xil uslubga ega  hujumchilarimiz bor va ularning har biri nimasidir bilan kuchli va nimadadir zaif. Har bir murabbiyning bu borada o'z qarashi bor. Yaxshi hujumchilarimiz talaygina, ular o'zlarini namoyon etishlari uchun vaqt kerak, xolos.

KECHAGI TERMA JAMOA BUGUNGISIDAN KUCHSIZ DEYISH TO'G'RI EMAS…

– Milliy terma jamoada ko'p yillar davomida muvaffaqiyatli to'p surdingiz. Bugungi terma jamoani o'sha siz to'p surgan davrdagisidan kuchliroq deb o'ylaysizmi?


– Har bir davr ajralib turadi. Kechagi jamoa kuchli, bugungi undan zaifroq deyish menimcha to'g'ri emas. Futbol rivojlanayapti va u sizdan serharakat bo'lishni talab etayapti. Maydonga tushgan har bir futbolchi o'zini unga 100 foiz bag'ishlashi, jon-jahdi bilan o'ynashi shart! Milliy terma jamoa bugun ham kuchli, bundan avval ham kuchli bo'lgan deb bamalol ayta olaman. Axir, unda O'zbekistonning eng yaxshi o'yinchilari to'p surishadi. Biz to'p surgan davrni eslaydigan bo'lsak, o'shanda bizga bor-yo'g'i bittagina gol etmagani uchun Jahon CHempionatiga chiqa olmadik. Imkoniyat hamisha bor! Bugun ham futbolchilarimiz yomon o'ynamayapti, demak, ularda ham intilish, ham imkoniyat mavjud.

– 2012 yilda Eronda aynan sizning golingiz O'zbekiston terma jamoasiga juda muhim g'alabani keltirgandi. Aytingchi, bu safar bunday qahramonlikni o'z bo'yniga oladigan futbolchi bormi? Eronni mag'lub etib, Jahon CHempionatiga chiqa olamizmi?


– Bilasizmi, bu erda kim gol urishining farqi yo'q: hujumchi yoki yarim hujumchimi… Bugungi kunda, eng muhimi natija! Terma jamoada Eronga gol uradigan futbolchi albatta bor. Kim gol urmasin, bu butun O'zbekiston uchun katta quvonchdir! Imkoniyatdan foydalanib, terma jamoamizga omad tilab qolaman. Hamyurtlarimizga intiq kutilgan g'alabani olib kelish ularga nasib qilsin! Har bir futbolchi qalbida katta ishonch bilan maydonga chiqib, butun vujudi bilan o'yinga kirishsa, natija nazarimda o'zini kuttirib qo'ymaydi.

– Suhbatimiz so'nggida futbol ishqibozlariga aytar so'zingiz bormi…


– Futbolni sevish barobarida ozgina sabrli bo'lishlarini istardim. Ishqibozlar stadionda yoki televizor qarshisida o'yinni kuzatishadimi, ular o'z hissiyotlarini turli baqir-chaqirlar bilan chekinmasdan namoyon etishadi. Futbolni shunchaki sukut saqlab kuzatib, tomosha qilib bo'lmaydi. Bugun futbol teatr kabi, oddiy odamlar stadionga kelishadi, futbolchilar esa bevosita bu teatr ishtirokchilaridir. SHuning uchun ham futbol ishqibozlariga futbolni ko'rish davomida sabrli bo'lib, ko'proq ijobiy hissiyot olishlarini tilab qolaman. Bizga ishqibozlik qilishdan charchashmasin, biz ham ularni xursand qilib chiroyli o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz. Buxoro ishqibozlariga ham sabr, sog'liq va farovonlik tilab qolaman.

Diktofon o'chirilganda…

– Rostini aytsam, fel-atvor jihatdan maksimalistman. SHaxmat o'ynaymanmi yoki futbolmi, farqi yo'q, mag'lub bo'lishni yoqtirmayman. Futbolchilarimga ham buni uqtirib kelaman. Har bir o'yinchi jon-jahdi bilan harakat qilsa, ishoning, natija albatta bo'ladi! Ishqibozlar kuzatishayotgan bo'lishsa, men yosh futbolchilarga ham ishonch bildirdim. Axir, nega ularga yo'l bermaslik kerak ekan? Ular ham bir kun nimadandir boshlashi kerak-ku! Menimcha, Buxoro jamoasidagi yangi yosh o'yinchilar yomon o'ynamayapti. Men ham bir paytlar yosh edim, futbolda ilk qadamlarimni shu tariqa qo'ygandim, axir…

Sarvinoz DONIYOROVA suhbatlashdi, Erudit Sport gazetasi.

Reyting: +19   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика