Zafar Polvonov: “Mirjalol Qosimov bilan ishlash orzuim edi. Bunga erishdim”
01 dek 2019 17:57
Yangiliklar
Zafar Polvonov: “Mirjalol Qosimov bilan ishlash orzuim edi. Bunga erishdim”
Toshkentda o'tkazilgan “Bunyodkor” va “Sug'diyona” bahsida uchinchi o'rin egasi aniqlangan bo'lsa, “Buxoro” va AGMK o'rtasidagi o'yin tamomila hayot-mamot janggi bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Boisi, mazkur bellashuv ko'hna shahar jamoasi uchun kuchlilar safida qolishga so'nggi imkoniyat edi. Olmaliqliklar esa mavsumni munosib yakunlashni maqsad qilishgandi. Biz bilan suhbatda bo'lgan AGMK etakchisi Zafar Polvonov yuqoridagi gaplarimizga qo'shilgan holda, mavsum yakuni taassurotlari bilan ham o'rtoqlashdi.
- Avvalo “Buxoro”ga qarshi kechgan o'yin hususida qisqacha fikrlaringizni bildirib o'tsangiz...
- Ushbu o'yin haqida ko'p gapirishim mumkin. Masalan, raqibimiz quyi ligaga tushib ketmaslik uchun barcha choralarni ko'rdi. Ular o'z maydonida yaxshi va tartibli futbol namoyish etishdi. Biz ham oltinchi o'rin uchun harakat qildik. Bilmadim, bunday maydonda to'p tepish og'ir bo'ldi deb o'ylayman. Jamoadoshlarimga rahmat aytaman, oxirgacha kurash olib borishdi. Qo'limizdan kelgancha harakat qildik. “Buxoro”ni Superligada qolgani bilan tabriklayman.
- AGMK uchun ushbu mavsum nihoyatda og'ir o'tdi. Umuman jamoaning bu yilgi musobaqalardagi ishtiroki haqida fikr bildirsangiz..
- Ha. To'g'ri. Juda qiyin mavsumni o'tkazdik. Yaxshi va yomon taraflari ham bo'ldi. Munosib to'p tepish uchun so'nggi lahzagacha kurashdik. AGMK tez orada shakllangan yanggi jamoa sanaladi. Bollar bilan o'zaro chiqishib ketish uchun vaqt kerak edi. SHunga qaramay muxlislarimizga rahmat aytmoqchiman. Yutgan va mag'lub bo'lgan uchrashuvlarimizda doim qo'llab quvvatlab turishdi.
- Birinchi davrada “Qo'qon 1912”ga qarshi kechgan bahsda beshta gol urib, qaysidir manoda rekord ham o'rnatdingiz. Ketma-ket gollar urdingiz. To'purar bo'lishni maqsad qilganmidingiz?
- Albatta. 2019 yil men uchun omadli keldi deb o'ylayman. CHunki, Mirjalol Qosimovdek murabbiy bilan birga ishlash orzuim edi. SHukurki bunga erishdim. Qaysidir paytda ularning ishonchlarini oqlashga harakat qildim. Men hujumchiman, vazifam gol urish. O'zimga har bir o'yinda aniq maqsad qo'yaman, ko'proq to'p kiritib to'purarlar ro'yxatidan joy olishni istayman. Buning ortida esa katta mehnat yotadi. Ishlashdan hech qachon qochmayman. To'g'risi, murabbiyimiz Mirjalol Qosimovdan ko'p narsalar o'rgandim. Ularga alohida minnatdorchilik bildiraman. Bir o'zim hech narsaga erisha olmayma, jamoadoshlarimsiz biron narsa qila olmasdim. Bilasizmi, qancha ko'p gol ursa odam shuncha yosharib ketar ekan.
- Jamoa mavsumni boshqalarga qaraganda ertaroq boshladi. Osiyo CHempionlar ligasi o'yinlari, O'zbekiston Superkubogida maydonga tushdi. Etarli darajada tayyorgarlik ko'rilmagani mavsum davomida bilindimi?
- Albatta bilinadi. Tez fursatda jamoani tiklash o'zimas. Qo'limizdan kelgan barcha ishni qildik. Afsus, Superliga tugab qoldi. CHunki, deyarli hammamiz bir birimizni tushunib, o'rganib qolgandik. Agar, boshidan shunday to'p tepganimizda ko'pgina jamoalarga bosh og'riq bo'lardik. SHunisiga ham shukur deymiz.
- Ikkinchi davrada AGMK yanada ishonchli harakat qildi. Bu nima bilan bog'liq? Yuqorida aytganingizdek vaqt omilimi yoki yanggi qo'shilgan futbolchilar jamoani o'zgartirdim?
- Ha. To'g'ri aytasiz. Ikkinchi davrani yaxshi boshladik. Tanaffus paytida Toshkentda ko'proq mashg'ulotlar o'tkazdik, taktik-sxemalar ustida ish olib bordik. To'p bilan va to'psiz muomala qilishni shakllantirdik. Yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qildik. Tushunmovchilik va muammolar har bir jamoada bo'ladi.
- O'zbekistonda hujumchilar etishib chiqishi biroz sekinlashgandek nazarimda. Asl muammo bolalar futbolida bo'lishi mumkin. Forvardlar bilan ishlaydigan alohida mutaxassislarni jalb etish kerakdir...
- Albatta. Jamoada hujumchilar bilan ishlaydigan murabbiy bo'lishi lozim. O'zbekistonda hujumchilar kam ko'rinmoqda. Agarda, yosh iqtidorli forvardlarga etibor qaratilmasa, bu borada muammolar kuzatilaveradi. Odam o'z ustida ishlasa, mehnatdan qochmasa hammasi yaxshi bo'ladi. Masalan, men Evropa futbolidagi futbolchilarni o'yinlarini ko'p kuzataman. Luis Suares, Karim Benzema, Muhammad Saloh kabi yulduzlarni harakatini kuzatib boraman. Ulardan o'rnak olishga intilaman.
- Jamoada mavsumni sovrin bilan yakunlash imkoni mavjud. Buning uchun O'zbekiston Liga kubogida “Paxtakor”ni mag'lub etish kerak bo'ladi. Bu o'yin kubok bahsidan farqli ravishda boshqacha o'tishini taxmin qilish mumkinmi?
- Imkoniyat bor. To'g'ri, “Paxtakor” kuchli, har bir chiziqda yuqori saviyadagi futbolchilar to'p tepadi. Bizda ham yaxshi tajribali va mahoratli o'yinchilar bor. Nasib qilsa sovrinni o'zimizniki qilamiz.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar