So’nggi yangiliklar

13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  13 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  5 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  7

Yorqin Nazarov: "Spartak"ka bormaganim armon bo'lib qolgan" Yangiliklar

Yorqin Nazarov: "Spartak"ka bormaganim armon bo'lib qolgan"

SHu kunlarda Germaniya futbol ittifoqi (DFB) tomonidan ushbu mamlakatning Xennef shahridagi sport maktabida ananaviy xalqaro murabbiylik kurslari o'tkazilyapti.


Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan mazkur kurslar ingliz tilida olib borilyapti. Seminar mazmunan DFB tomonidan beriladigan A va B toifali licenziyalarga mos keladi va futbol nazariyasi hamda amaliyotining turli aspektlarini o'z ichiga qamrab oladi. Germaniya futbol ittifoqi har yili butun dunyodan 30 nafar murabbiyni ushbu kurslarga taklif qiladi va ularni milliy futbol federaciyalari bilan hamkorlikda tanlab oladi. Yaqinda, aniqrog'i, 6  avgust kuni Germaniya Federativ Respublikasining O'zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing Bunyodkor futbol akademiyasi murabbiyi Yorqin Nazarovni qabul qilgan edi. Aynan shu uchrashuv chog'ida O'zbekiston nomidan Bunyodkor akademiyasi murabbiyining DFBning joriy yildagi xalqaro murabbiylik kurslarida ishtirok etishi malum bo'lgandi. Biz safar oldidan Yorqin Nazarov bilan uchrashib, undan mavzu yuzasidan intervyu oldik.

- Mazkur kurslarda O'zbekiston nomidan ishtirok etayotganimdan xursandman, - deya so'z boshladi Bunyodkor-2000 murabbiyi. - Janob elchi uchrashuvimiz chog'ida meni tabriklab, sport sohasidagi hamkorlik Germaniya va O'zbekiston o'rtasidagi do's­tona munosabatlarni yana mustahkamlashda muhim o'rin tutishini takidladi. O'ylaymanki, Xennefdagi murabbiylik kurslarida oladigan bilimlarim murabbiylik faoliyatimda asqotadi va O'zbekistonning bo'lajak futbol yulduzlarini tayyorlashda samarali yordam beradi. 7-25 sentyabr kunlari oralig'ida o'tkaziladigan o'quv-kurslaridan o'zim uchun juda ko'p ijobiy narsalarni kutyapman. Kurslarga 30ta davlatdan murabbiylar taklif etilgan. Har bir davlatdan bir nafar murabbiy o'quv kurslarida ishtirok etishi ko'zda tutilgan.

- Bu yilgi mavsum siz va Otabek G'ulomxo'jaev murabbiylik qilayotgan akademiyaning 2000 yilda tug'ilgan tarbiyalanuvchilari uchun omadli kelyapti, deb bemalol aytishimiz mumkin. Sababi, shogirdlaringiz Qozog'iston, Xitoy, KXDR mamlakatlarida o'tkazilgan xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Aytingchi, g'alabalar omili nimada?

- Birinchi galda Bunyodkor akademiyasida ishlarning to'g'ri yo'lga qo'yil­ganida. Bundan 4-5 yil avval boshlangan harakatlar bugun o'z mevasini bera boshladi. Haqiqatan ham, siz aytgandek 2015 yilgi futbol mavsumi akademiyamiz, xususan 2000 yilda tavallud topgan tarbiyalanuvchilarimiz uchun omadli o'tmoqda. Jumladan, Xitoyning CHendu shahrida o'smir (U-15) futbolchilardan iborat jamoalar o'rtasida o'tkazilgan xalqaro turnirda bosh mukofotni qo'lga kiritdik. Musobaqada bizdan tashqari, Xitoyning Sungdo, Janubiy Koreyaning Kiongido, KXDRning Yusonyon jamoalari ishtirok etdi. Final uchrashuvida aynan Yusonyon jamoasini penaltilar seriyasiga ko'ra mag'lub (4:3) etdik. Uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmagandi. Musobaqa yakunida Otabek G'ulomxo'jaev va menga musobaqaning eng yaxshi murabbiyi nominaciyasida maxsus sov­rin topshirishdi. Yaqinda KXDRning Pxenyan shahrida bo'lib o'tgan xalqaro turnirda qatnashib qaytdik. Bu musobaqa Xitoydagi turnirning mantiqiy davomi edi. Tabiiyki, Ari Sports Cup turniriga bizning jamoa amaldagi chempion sifatida tashrif buyurdi. Jami sakkizta jamoa to'rttadan ikki guruhga ajratildi. Uchrashuvlar 21 avgustdan start oldi. Bunyodkor-2000 Pxenyan jamoasiga 0:3 hisobida yutqazib qo'yib, guruhning qolgan ikki uchrashuvida Xorvatiyaning Osiek hamda Janubiy Koreyaning Kangvondo jamoalarini mag'lubiyatga uchratib, yarim finalga yo'l oldi. Guruhda ikkinchi bo'lganimiz uchun A kvarteti g'olibiga qarshi final chiptasi uchun maydonga tushdik va bu o'yinda mag'lubiyatga uchradik. Bilasizmi, mezbonlar ishtirokidagi uchrashuvlarni tomosha qilish uchun stadionga 50-60 ming muxlis keldi. Ochig'i, boshida shu holatdan biroz xavf­siragandik. CHunki katta futbolchilar ham bunday holatlarda esankirab qolishadi. Lekin yosh futbolchilarimiz ortiqcha bosimsiz harakat qilishdi. Bundan esa biz - murabbiylar xursand bo'ldik. Eng quvonarlisi, ushbu jamoamizdan 8 nafar yigitimiz O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga jalb qilingan edi. SHimoliy Koreyadagi turnirdan keyin yana ikki nafar shogirdimizni terma jamoaga chaqirishdi. Ular Temur Olimxo'jaev jamoasi tarkibida Qatarga jo'nab ketishdi. Bir yo'la 10 nafar futbolchimizning terma jamoaga taklif etilishi bu Bun­yodkor akademiyasida bolalar futboliga etibor to'g'ri yo'lga qo'yilganligidan dalolat beradi. Ishlashga barcha sharoitlar etarli. Akademiya tarbiyalanuvchilariga futboldan tashqari ingliz tilidan dars o'tiladi. Psixologiya soatlari bor. O'ylashimcha, shu psixologiya darslarining o'tkazilishi ham 50-60 ming muxlis ko'z o'ngida yigitlarning bemalol o'ynashlariga xizmat qildi.

- Yorqin aka, keling, endi o'zingizning yoshligingiz haqida ham gaplashsak. Sizning oilangizga nisbatan Nazarovlar sulolasi deb murojaat qilsak bo'ladi. Ukangiz Dilmurod Nazarov ham ko'p yillar davomida Paxtakorda muvaffaqiyatli to'p surgan. Adashmasam, sizning futboldagi ilk qadamlaringiz ham Paxtakor jamoasida qo'yil­gan. SHunday emasmi?

- Haqiqatan ham, oilaviy muhit tasirida futbolni tanlaganman. Siz aytgandek, Paxtakor klubida futboldagi ilk qadamlar tashlangan. Birinchi murabbiyim Vladimir Bondarenko bo'lgan. SHu insondan millionlar o'yinining ilk sir-asrorlarini o'rganganman. Bondarenko qo'l ostida o'ynagan futbolchilardan besh nafari, xususan men ham sobiq ittifoq o'smirlar (U-16) terma jamoasi tarkibida Evropa chempionatida ishtirok etganmiz. Valeriy Kechinov, Andrey Yarovoy, Oleg SHackix, Pavel Bugalo va menga ushbu baxt nasib etgan. Ushbu musobaqadan keyin bizni Paxtakor­ning asosiy jamoasiga olishgan. Klub bilan rasman shartnoma imzolaganmiz.

- Paxtakordek shonli jamoa libosida maydonga tushish baxti sizga ham nasib etgan va bu kunlarni unutmasangiz kerak?

- Aslo. Futbolchilik faoliyatimdagi eng yorqin damlar aynan Paxtakorda o'tgan. Sakkiz yil davomida barcha bolalar o'ynashni orzu qiladigan klub tarkibida to'p tepish nasib etdi. SHu vaqt mobaynida ikki karra O'zbekiston chempioni, shuncha marotaba mamlakat kubogi sohibi bo'ldim. Terma jamoaga chaqirildim. Mashhur futbolchilar bilan elkama-elka o'ynadim. Albatta, bundan juda ham xursandman.

- Futbolchilik davringizni sarhisob qilib, undan ko'nglingiz to'lganmi? Yoki hozir o'ylab ko'rib, mana bu qarorim noto'g'ri bo'lgan ekan, degan fikrga kelyapsizmi?

- Endi futboldan ketganingizdan keyin qandaydir bir ko'ngil to'lmaslik holatlari bo'lar ekan. Hamma futbolchida ham shunday holat bo'lsa kerak. Birinchi navbatda yana bir-ikki yil o'ynasam bo'larkan, hali kuchim bor ekan, degan fikr keladi. Agar imkoniyat berilganida, o'sha paytda qabul qilgan ayrim qarorlarimni o'zgartirgan bo'lardim. Paxta-korda o'ynab yurgan paytlarim eng kuchga to'lgan davrlarim bo'lgan. O'shanda Moskvaning Spartak klubidan taklif tushgandi. Afsuski, o'sha paytda bu chorlovga rad javobini berib, O'zbekistonda qolganman. SHu narsa menga armon bo'lib qolgan. Do'stim Valeriy Kechinov esa Spartakga o'tib ketgandi. Yodingizda bo'lsa, Spartak o'shanda qatorasiga besh marotaba Rossiya chempioni bo'lgandi. Mashhur mutaxassis Oleg Ivanovich Romancevning o'zi bizni taklif qilgandi. Dmitriy Parfenov va Andrey Kolivanov bilan sobiq ittifoq o'smirlar terma jamoasida birga o'ynaganmiz. Bu futbolchilar ham Spartakka o'tishgandi. Hozirgacha Moskva klubiga o'tmaganimni armon bilan eslayman.

- Milliy terma jamoa tarkibida o'tkazgan o'yinlaringiz haqida nima deya olasiz?

- Asosan O'zbekiston yoshlar va olimpiya terma jamoalarida o'ynadim. Milliy terma jamoada esa JCH-98 saralash o'yinlarida maydonga tushdim. O'shanda mundialning final bosqichiga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'lgandik. JCH saralash o'yinlarida ilk marotaba qatnashishimiz edi. SHunga qaramay, yomon natija qayd etmaganmiz, deb o'ylayman. Milliy terma jamoa libosida maydonga tushish har bir futbolchi uchun baxt hisoblanadi. Menga ham shunday baxt nasib etganidan xursandman. Hozirgi tarkib o'yinchilariga terma jamoadagi faoliyatingizning qadriga etinglar, undagi har bir daqiqadan unumli va maksimal darajada foydalanib qolinglar, deb niyat qilardim. CHunki, futbolchining maydondagi faoliyati qisqa bo'ladi. Terma jamoadagi faoliyat esa undan ham kam. Jahon chempionatlari esa har to'rt yilda bir marotaba o'tkaziladi. Mana milliy terma jamoamiz yangi murabbiylar shtabi qo'l ostida futbol ishqibozlarining ko'p yillik orzusini ro'yobga chiqarish uchun yangi yurishni boshladi. Bugunga kelib shakllangan terma jamoa juda ham kuchli. Har bir chiziqda kuchli o'yinchilar to'p surish­­­­yapti. Endi murabbiylar ularni yagona maqsad sari birlashtira olishsa bo'lgani. Ko'ryapsiz, futbol Osiyoda juda jadal suratlarda rivojlanib ketmoqda. Kutilmagan natijalarga tez-tez duch kelyapmiz. SHu taraqqiyot suratiga mos tarzda biz ham kuchayib borishimiz kerak.

- Ukangiz Dilmurod Nazarov bugungi kunda nimalar bilan band?

- Dilmurod futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan so'ng malum muddat futboldan yiroqda bo'ldi. Boshqa sohada ishladi. Lekin hayotining katta qismini futbolga bag'ishlagan inson uzoq vaqt boshqa sohada qolib keta olmas ekan. Baribir futbol tortarkan. Hozirda u Toshkentning Liverpul klubida murabbiylik qilyapti. Ikkinchi ligada faoliyat yuritayotgan ushbu jamoada bosh murabbiy lavozimida ishlamoqda.

- Yorqin aka, bugungi kunda Nazarovlar sulolasining davomchilar sifatida kimlar futbol o'ynayapti?

- O'g'lim Sardor Bunyodkor akademiyasining 2001 yildagi jamoasida o'ynayapti. O'ktam akamning o'g'illari Sanjar Bunyodkorning birinchi ligadagi jamoasi safida o'ynayapti. Opamning farzandlari, yani qolgan jiyanlarim ham millionlar o'yiniga oshno tutinishgan. Dilmurodning esa ikki nafar qizi bor. Umid qilamanki, jiyanlarim orasidan Nazarovlar sulolasini futbol sohasida davom ettiradigan izdoshlari etishib chiqadi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика